Hokim bilan uchrashuvdan yoshlar nima oldi?

Avval xabar qilganimizdek, Samarqand shahridagi yoshlar markazida Samarqand viloyati hokimi, Ichki ishlar vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda respublika Xalq banki mutasaddi rahbarlari ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida Erkinjon Turdimov faol yoshlarga tengdoshlariga ham yetkazishlari zarur bo‘lgan ma’lumotlarni aytib o‘tdi.

Xususan:

- Samarqand shahrida ishlaydigan fuqaro qayerda ro‘yxatda turishidan qat’iy nazar ko‘hna kentdan subsidiya asosida uy olishi mumkin;

- ertaga sobiq "Temurbeklar maktabi"da 450 kishiga kasb-hunar o‘rgatish markazi ish boshlaydi;

- har bir mahallada 1,4 million so‘m ish haqi to‘lanadigan mehnat inspektori shtati joriy qilindi;

- Samarqand shahrida xostel tipidagi talabalar yotoqxonalari quriladi. Xususiy biznes bilan hamkorlikda quriladigan bu ob’yektlar ta’til davrida sayyohlarga xizmat ko‘rsatadi;

- yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni kreditga olishda 15 foiz boshlang‘ich badal to‘lanadi. Buning 10 foizi subsidiya asosida beriladi. Demak, fuqaro boshlang‘ich badalning 5 foizini to‘lashi kerak, xolos.