Hayvonlar “intellekti”: Ba’zan ularning idrokiga hatto odamlar havas qilishadi

Odamlar dunyoda intellektual qobiliyat bo‘yicha ularga teng keladigan boshqa jonzot yo‘q deb hisoblaydi. Shubhasiz, biroq, hayvonlarning aqli insonnikidan ancha zaif bo‘lsa-da so‘nggi tadqiqotlar ular ba’zi mantiqiy vazifalarni odamdan ko‘ra yaxshiroq uddalay olishini ko‘rsatdi.

Hayvonlar intellektining mohiyatini tushunib olish uchun etologlar ulardagi fikrlash, o‘rganish va muloqot qilish kabi aqliy funksiyalar belgilarini o‘rganib, turlararo taqqoslay boshladilar. Misol uchun, shimpanze va qarg‘a kabi turli xil jonzot bir xil masalani qanday hal qilishini o‘rgangan olimlar hayvonlar idroki qanday rivojlanganini  tushunib olishga harakat qilishmoqda.

Bugun e’tiboringizga ba’zi «sof insoniy» vazifalarni a’lo darajada bajarishga tayyor hayvonlarni havola etamiz.

Qarg‘a

Bu qushning miyasi shunchalik kichikki, odamlar uzoq vaqt davomida «kichik miya» egalari hech qanday aqliy harakatlarga qodir emas, deb o‘ylashgan, biroq britaniyalik etolog Nikki Kleytonning tadqiqotlari bu qush  to‘g‘risidagi tushunchani butunlay o‘zgartirdi.

Kleyton va uning hamkasblari qarg‘alar, soyka(jay)lar va bolalar ishtirokida sabab-natija munosabatlarini o‘rnatish qobiliyatini aniqlashga qaratilgan tajriba o‘tkazishdi.

Tadqiqotchilar yarmigacha suv bilan to‘ldirilgan tor probirkalarga  har xil o‘yinchoqlar va shirinliklar qo‘yishdi. Yonida esa unchalik katta bo‘lmagan tarozi toshlari qo‘yildi. Qushlar og‘ir toshlar suvga tushirilsa, «o‘lja» ham suv sathi bilan birga yuzaga ko‘tarilishini tezda anglab olishdi. Bolalar uchun esa (eksperimentda 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishtirok etdi) buni tushunib olish qiyinroq kechdi va ular sarosimaga tushib qolishdi.

- Qarg‘alar 8 yoshli bolalardan aqlliroq emas albatta, - deydi Kleyton. – Qushlar maktabga bormaydi, ularning qo‘li yo‘q va ular bizdek gapira olmaydi. Bu boshqa narsa – ularning miyasi qandaydir boshqacha tarzda hisob-kitoblarni amalga oshiradi. Inson miyasi va qushlarning miyasi turli xil formadagi lekin bir xil funksiyaga ega kompyuterlarga o‘xshaydi. Agar biz miyadagi turli xil «dasturlashlar» bir xil natijalarga olib kelishi mumkinligini aniqlab olsak, shunda idrok mohiyatini yaxshiroq tushunib olamiz, deydi tadqiqotchi.

ShIMPANZE

Olimlar shimpanze maymunlariga til o‘rgatish bo‘yicha ko‘plab tajribalar o‘tkazishdi. Ushbu eksperimentlarning aksariyati muvafafaqiyatli o‘tdi. Lekin keyingi tadqiqotlar bu primatlar idrokining kuchli tomoni birinchi navbatda mufassal fikrlash ekanligini ko‘rsatdi.

Boshqa bir tadqiqot shimpanze bolalari raqamlarni yaponiyalik talabalarga qaraganda tezroq yodlashini ko‘rsatdi. Sinovda universitet talabalari va birdan to‘qqizgacha sanash va raqamlarni tanishga o‘rgatilgan primatlar ishtirok etdi.

Har bir sinaluvchi oldida katakchalarda bir nechta raqamlar yoqilgan sensorli ekran qo‘yildi. Keyin raqamlar oq kvadratlar bilan almashtirildi. Sinaluvchi birma-bir barcha oq kvadratlardagi raqamlarni o‘sish tarkibida bosib chiqishi, ya’ni aslida u yoki bu raqam qaysi katakda turganini eslab qolgan bo‘lishi kerak edi. Yosh shimpanzelar testni onalari va talabalarga qaraganda sezilarli darajada tezroq tugatdi.

Ushbu tajribada sinaluvchi raqamlarni kuzatishi uchun lozim bo‘lgan turli vaqt oralig‘i o‘rnatildi. Raqamlar hatto 210 millisekundda paydo bo‘lganida ham, ya’ni inson ko‘zlari ekranda «ko‘z yugurtirishi» deyarli imkonsiz bo‘lgan qisqa vaqt ichida, yosh shimpanzelar raqamlarni payqab olishga ulgurdi. Bu testni ham ular talabalarga qaraganda tezroq va aniqroq bajarishga muvaffaq bo‘lishdi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.