Hindiston bosh vaziri Kashmir aholisini maxsus huquqdan mahrum qilmoqchi
Hindistonda payshanba kuni boshlanadigan parlament saylovi arafasida mamlakat bosh vaziri Narendra Modi Jammu-Kashmir shtati aholisining maxsus huquqlari bekor qilinishini bildirdi. Bu haqda “Yevronyus”ga tayanib Azon.uz xabar bermoqda.
Jammu-Kashmir shtatida yer hududlari faqat shu shtat aholisiga sotiladi va boshqa shtatlar aholisi bu hududdan yer sotib ololmaydi. Narendra Modi o‘zining saylovoldi chiqishlarida Jammu-Kashmir shtatini shu huquqdan mahrum etish lozimligi haqida gapirdi.
“Milliyatchilik – ilhom manbaimiz, farovonlik keltirish – falsafamiz, yaxshi boshqaruv esa shiorimiz”, – dedi Modi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida. Uning boshchiligidagi Hindiston xalq partiyasi (BJP) Jammu-Kashmir xalqiga berilgan alohida maqom hududning boshqa hududlar bilan integratsiyasiga to‘siq ekanini da’vo qilib keladi.
Jammu-Kashmir Hindistonda aholisining aksarini musulmonlar tashkil etuvchi yagona shtatdir. Bu yerda hudud aholisidan boshqalarga yer va ko‘chmas mulk sotish taqiqlangan. Mazkur taqiqning bekor qilinishi ortidan Jammu-Kashmirga hindlarning oqib kelishi kutilmoqda.