Hindiston va Xitoy chegarasida harbiy to‘qnashuv yuz berdi
Aslida to‘qnashuv 9 dekabr kuni sodir bo‘lgan. Ammo bu haqdagi aniq xabarlar dushanba kuni tarqala boshladi. Hindiston va Xitoy chegara kuchlari Hindistonning Arunachal-Pradesh shtati chegarasida to‘qnash kelishgan. Kecha ANI axborot agentligi hodisa Tavang sektorida sodir bo‘lganini e’lon qildi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy harbiylari ikki davlatni ajratib turuvchi haqiqiy nazorat chizig‘iga kirgan, biroq hind harbiylari tomonidan “qat’iy” to‘xtatilgan. Har ikki tomonning bir necha harbiy xizmatchisi “yengil yaralangan”.
Tomonlar zudlik bilan hududni tark etdi, deyiladi xabarda.
2020 yilning may oyida ikki davlat chegarasidagi Ladax tog‘li hududida to‘qnashuvlar sodir bo‘lib, ikki tomondan qurbonlar bo‘lgan edi. Hindiston va Xitoy hududga og‘ir artilleriya, tanklar va samolyotlar yuborgan. O‘tgan yilgi harbiy va diplomatik darajadagi qator muzokaralardan so‘ng Pekin va Nyu-Dehli chegara chizig‘idan o‘zaro qo‘shinlarni olib chiqishni boshladi.
Hindiston va Xitoy o‘rtasida Himolay tog‘larida demarkatsiya qilingan chegaraning yo‘qligi (ikki davlatni haqiqiy nazorat chizig‘i ajratib turadi) o‘nlab yillar davomida keskinlik manbai bo‘lib kelgan. 1959 yilda Hindiston Xitoy tomoni Arunachal-Pradesh shtatining bir qismini egallab olganini e’lon qildi va 1962 yilda hind-xitoy qurolli to‘qnashuvi boshlandi, natijada Hindistonga tegishli Ladax va Aksay Chin viloyatlarida 38 ming kv.km.ga yaqin maydon Xitoy nazoratiga o‘tgan.