Hindistonda gigant qo‘lli bola yashaydi

Hindistonlik Muhammad Kolim kam uchraydigan kasallikdan aziyat chekadi, uning qo‘llari tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada - uzunligi 38 santimetrdan, og‘irligi 8 kilogrammgacha bo‘lgan o‘lchamlarga yetadi. Shifokorlar bunday g‘alati nuqsonning rivojlanishiga nima sabab bo‘lganini aniqlay olmayaptilar.

Bolaning onasi Halimaning aytishicha, Kolim tug‘ilganida uning qo‘llari boshqa yangi tug‘ilgan chaqaloqlar qo‘llariga qaraganda ikki baravar katta, barmoqlari esa juda uzun bo‘lgan. Bola ulg‘ayishi bilan uning qo‘llari tanasiga nisbatan nazoratsiz o‘sishda davom etdi.

Kolimning qo‘llari unga kundalik vazifalarni bajarishda katta muammolarni keltirib chiqardi. U hatto tartibli kiyinish, ovqatlanish va boshqa elementar narsalarni yengishga qodir emas edi. Bundan tashqari, chap qo‘lining faqat ikki barmog‘i harakatchanligi tufayli u ba’zi katta narsalarni faqat shu barmoqlari bilan ushlay olgan, xolos.

Otasi Shamin Kolim mardikorlik qilar va uning olgan maoshi faqat ro‘zg‘or tebratishga yetardi. Oila boshlig‘i farzandini shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazib,  tashxis qo‘yish va davolash uchun pullari yo‘qligi sababli o‘g‘lining kelajagi haqida qayg‘urardi.

Nihoyat shifokorlar bu noodatiy hodisaga qiziqish bildira boshlashdi va Kolimning ota-onasi farzandining sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritishi va unga shifokorlar biror bir yordam qilishiga umid bog‘lashdi. Mahalliy shifokorlar ushbu kasallik bolada limfa tugunlarining ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi va aniq tashxis qo‘yish uchun bir qator tadqiqotlar o‘tkazish kerakligini ta’kidlashdi.

Medanta tibbiyot instituti taniqli pediatri, doktor Krishan Chu bolada to‘qimalar anomaliyasi ko‘rinishidagi yaxshi sifatli o‘sma - gamartoma bo‘lishi mumkinligidan shubhalandi. Shifokor har qanday holatda ham Kolimga yordam berishga harakat qilishlarini va’da qildi.

2014 yilda bir qator jarrohlik aralashuvlar boshlanib ketdi va bolaning o‘ng qo‘lini qisqartirish bo‘yicha operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi, deb yozadi The Daily Mail.

Nashrning qayd etishicha, asab tolalariga shikast yetkazilmaganligi sababli endi bola qo‘lini ishlata oladi. Reabilitatsiya Kolim o‘tgan fizioterapiya kurslari osonlashishiga imkoniyat tug‘dirdi. Shifokorlar oldida yana bir vazifa - Kolimning ikkinchi qo‘lini operatsiya qilishni rejalashtirish turardi.

2015 yilda hind shifokorlari mo‘’jiza ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lishdi: bola qo‘llarini qisqartirish bo‘yicha oxirgi operatsiya o‘tkazildi.

Bugungi kunda rasman “Dunyodagi eng katta kaftlar sohibi” hisoblangan bola mustaqil ravishda qoshiq bilan ovqat yeyishi, yoza olishi va narsalarni bemalol ushlab turishi mumkin.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.