Hindistonda muzlik ko‘chishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 14 kishiga yetdi

Xabar berganimizdek, Hindistonning Uttarakxand shtatida muzlik ko‘chishi ro‘y berdi. Uning oqibatida halok bo‘lganlar soni 14 kishiga, bedarak yo‘qolganlar soni 170 nafarga yetdi, deya xabar berdi hodisa sodir bo‘lgan Chamoli okrugi politsiyasi.

Hindiston Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni ertalab o‘pirilib tushgan muzlik «Rishiganga» daryosi suv sathining ko‘tarilishiga olib keldi va 13,2 MVt quvvatga ega «Rishiganga» gidroelektrostansiyasini yuvib ketdi. Toshqin Dxauliganga daryosidagi “Tapovan” gidroelektrostansiyasiga ham zarar yetkazdi.

Qidiruv operatsiyasida milliy va mahalliy qutqaruvchilar, hind-tibet politsiyasi xodimlari va harbiylar ishtirok etmoqda va tunnelda qolib ketganlarni qutqarish bo‘yicha operatsiya davom etmoqda. Qutqaruvchilar tunnelga yo‘l ochishga urinishyapti.

«Tapovan» GESini qurayotgan va favqulodda vaziyat vaqtida tunnelda bo‘lgan 15 kishi chiqarib olindi. Ayni paytda ishchilarni boshqa bir tunneldan olib chiqish davom etmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, u yerda 30-35 tacha odam bo‘lishi mumkin.