Hindular qabilasining sardoriga aylangan uchuvchi

Ikkinchi jahon urushi davrida navbatdagi jangovar uchishdan qaytib kelmagan va bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilingan uchuvchi Ivan Datsenko qissasi.

Ivan Datsenkoning qutqarib qolinishi to‘g‘risidagi hikoyani odatda afsonaga yo‘yishadi, chunki Sovet Ittifoqi Qahramoni umrining qolgan qismini chet elda o‘tkazganligi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar yo‘q.

Urushda Ivan o‘zini jasur uchuvchi sifatida ko‘rsatdi va aviatsiya eskadroniga qo‘mondonlik qilardi.
Kelib chiqishi Ukrainaning Poltava viloyatidan bo‘lgan Datsenko urushga 1941 yilning 22 iyunidayoq kirib borgan, uning o‘limining rasmiy sanasi esa 1944 yilning 10 aprel kuni hisoblangan.

Rasmiy o‘lim guvohnomasida Ivan Datsenko nemislar tomonidan bosib olingan Lvov-2 temir yo‘l stansiyasi bombardimon qilinishi paytida vafot etganligi aytilgan.
Tasdiqlanmagan taxminlarga ko‘ra esa uchuvchi yonayotgan samolyotdan sakrashga muvaffaq bo‘lgan, shundan so‘ng nemislarga asirga tushgan. Ko‘rinishidan, yo‘lda u qochib ketgan va qandaydir yo‘l bilan Kanadaga borib qolgan.
Yana bir taxmin: Ivan sovet josusi bo‘lib, chinor bargli mamlakatida maxfiy xizmat topshiriqlarini bajarib kelgan.



Qanday bo‘lmasin, Ivanni birinchi marta SSSR madaniyati kunlariga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazmada so‘zga chiqish uchun Kanadaga yuborilgan va rezervatsiyadagi mahalliy hindular hayoti bilan tanishish maqsadida ekskursiya qilish imkoniga ega bo‘lgan estrada raqqosi Mahmud Esanbayev topib olgan.
U yerda u qabila boshlig‘ining ukrain va rus tillarida tarjimonsiz bemalol gaplashishini eshitib, hayratda qolgan. Hurmatli “Olov teshar” raqqosni o‘z kulbasiga olib borgan, uni ziyofat qilib, ukrain xalq qo‘shiqlaridan kuylab bergan. Samimiy suhbatda hindular sardori Ivan Datsenko ekanligi, u o‘z vatani, Chernechiy Yar qishlog‘ini juda sog‘ingani ma’lum bo‘lgan.



Esambayev SSSRga bu g‘ayrioddiy yangilik bilan qaytadi. Chernichiy Yar qishlog‘i aholisi unga o‘z vatandoshi taqdiri to‘g‘risida ma’lumot olishga harakat qilishganini, ammo mahalliy hukumat a’zolari bu urinishlarini to‘xtatgani to‘g‘risida so‘zlab bergan.
Kanadalik hindu va Poltava uchuvchisi bitta shaxs ekanligining asosiy dalili Moskva sud-tibbiyot eksperti Sergey Nikitin fotosurat orqali ikkala erkakning yuz xususiyatlari (burun, iyak chiziqlari og‘iz va qoshlar yillar davomida o‘zgarmaydi) mos kelishini tasdiqlagan.

Yana bir necha yildan so‘ng Ivanning jiyani uni topishga harakat qilib Rossiyaning federal kanallarida uzatiladigan “Jdi menya” (Meni kutgil) ko‘rsatuviga murojaat qiladi. Biroq aniq natijalarga erishishning iloji bo‘lmaydi: Bu paytda Mahmud Esambayev ham, Jon Makkomber (Ivanning kanadalik pasportidagi ism sharifi) ham hayotdan ko‘z yumgan edi. Ivanning u yerda tug‘ilgan ikki farzandi ham topilmagan.



Hozirda Kanadadagi rezervatsiya tarqatib yuborilgan, hindular esa mamlakatning turli qismlariga ko‘chib ketishgan.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.