Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hokim qarori asosida qurilgan uy noqonuniy bo‘lsa, qonuniysi qanday bo‘ladi?

Biz ko‘p yildan buyon Samarqand shahar M.Koshg‘ariy ko‘chasi 19-uyda 3 o‘g‘lim, kelinlarim va 8 nafar nabiram bilan birga yashaymiz.

Oilaviy mablag‘imizdan farzandlarimga uy-joy olish istagida edik. 2018 yilda uyimizga yaqin joyda, ya’ni M.Koshg‘ariy ko‘chasi 14-A uy-joy sotilayotganini eshitib, xonadon sohibi bilan bog‘landik.

O‘zimning yuridik ma’lumotim va shu sohadagi ko‘p yillik tajribam asosida uy hujjatlarini o‘rgandim - barchasi to‘g‘ri. Shunday bo‘lsa ham arxivlardan, manbalardan uy hujjatlarini tekshirdim, barchasi qonuniy ekan. Shundan so‘ng 2018 yil 29 dekabrda fuqaro N.Rahmatullayevga tegishli bo‘lgan ushbu 14-A uyni Samarqand shahar 13-son notarial idorasida Sayyora Qurbonova nomiga rasmiylashtirib, oldi-sotdi shartnomasi asosida 350 million so‘mga sotib oldik. Lekin 2019 yil 28 yanvarda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi uy-joyni o‘zboshimchalik bilan qurilgan deb topib, uni buzish haqida qaror chiqargan. 

Hujjatlarda fuqaro N.Rahmatullayevning arizasiga asosan Samarqand shahar hokimi (S.Rafiqov)ning 2007 yil 11 sentyabrdagi 1506-Q sonli “Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida”gi qarori bilan Negmatullo Rahmatullayevga Samarqand shahar M.Koshg‘ariy ko‘chasi 14-uyning yonidan o‘zlashtirilmagan yer maydoni hisobidan 400 kvadrat/metr hudud ajratilgan. 2009 yilda ushbu yer maydonida qurilgan uy-joy uchun kadastr hujjatlari tayyorlanib, chegaralar belgilangan. 2018 yil 11 dekabrda Samarqand shahar hokimi v.v.b. T.Esirgapovning 2381-Q sonli qarori bilan N.Rahmatullayevga tegishli 400 kvadrat/metr maydonda qurilgan uy-joy uchun egalik huquqi belgilangan va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilgan mulkni sotib olib, ikki yil davomida belgilangan soliqlarni to‘lab keldik.

Ammo 2020 yil yozida Samarqand shahar Majburiy ijro byurosi xodimi qo‘ng‘iroq qilib bizga tegishli uy-joyni buzish to‘g‘risida sud qarori chiqqanligini aytdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 28 yanvardagi qarorida Samarqand shahar M.Koshg‘ariy ko‘chasi 6-manzilda fuqaro N.Rahmatullayev tomonidan noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilma javobgar tomonidan buzib tashlanishi belgilangan. Javobgar da’vogar Seysmoprognostik monitoring respublika markazi foydasiga oldindan to‘langan 405 ming 460 so‘m davlat boji va 14 ming 191 so‘m pochta xarajati undirish vazifasi qo‘yilgan. Biz uy-joyni 2018 yil 28 dekabrda notarial tartibda sotib olganmiz. Qolaversa, uy-joyimiz M.Koshg‘ariy ko‘chasi 6-manzil emas, M.Koshg‘ariy ko‘chasi 14-A manzilda joylashgan. Shunda ham uy-joyning sobiq egasi N.Rahmatullayev bilan uchrashib, M.Koshg‘ariy ko‘chasi 14-A uy bo‘yicha so‘raganimda hech kim uni sudga chaqirmaganini aytdi. Anglashilmovchilik bo‘lgan deb o‘yladim. Lekin uyning barcha hujjatlarini MIB xodimiga taqdim etdim.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2020 yil 20 iyuldagi ajrimida sudning 2019 yil 28 yanvardagi qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan ekan. Biz ham, uy-joyning sobiq egasi ham bo‘lib o‘tgan sudlardan xabarimiz yo‘q edi.   

2021 yil 12 mart kuni Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi tomonidan Samarqand shahar M.Koshg‘ariy ko‘chasi 6-manzilda joylashgan fuqaro Negmatillo Rahmatullayevga tegishli noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilma qarzdor tomonidan buzish to‘g‘risidagi ijroni oldim. Unga ko‘ra, uy-joyni buzish 2021 yil 16 mart kuni soat 11:00da majburiy tartibda ijro etilishi belgilangan.

Avvalo, sudning hujjatlarida uy-joy manzili noto‘g‘ri keltirilgan. Qolaversa, qonunchiligimizga ko‘ra uy-joy uchun Samarqand shahar hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarori, uy-joy qurilganligi to‘g‘risida kadastr hujjati va uy-joyni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risida ham qaror bor. Rasmiy ravishda notarial tartibda oldi-sotdi shartnoma imzolangan va belgilangan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelyapmiz. Lekin sudning qaroridagi noqonuniy qurilma o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilgan yer ekanligiga tushunolmadim. Agar shu hujjatlar asosida qurilgan uy-joy noqonuniy bo‘lsa, qonuniysi qanday bo‘larkan?

Abdug‘ani Qurbonov,

Samarqand shahri.