Hokim qarori, kadastr, davlat ro‘yxati bor, ammo uy noqonuniy
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqdir.
- Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.
- Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi.
- Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak.
- Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.”
O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 30 aprelda qabul qilingan Konstitutsiyasining 20-moddasidan.
Demakki, endilikda fuqaro va davlat o‘rtasida yuzaga keladigan tushunmovchiliklar, mulkiy munosabatdagi noaniqliklar fuqaro foydasiga hal etiladi. Inson qadrini oshirishga qaratilgan mazkur moddada davlat o‘z fuqarosining foydasi uchun yon bosyapti. Bu fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini oshiradi, mahkamalarda uzoq muddatga cho‘ziladigan nizoli masalalarning real yechimiga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, qonun ustuvorligi ta’minlanadi. Ammo Ishtixon tumani Barlos mahallasida yashovchi Malika Navro‘zova amalda bunday bo‘lmayotgani, yashab turgan uy-joyi sud qarori bilan olib qo‘yilayotgani to‘g‘risida tahririyatimizga shikoyat arizasi bilan murojaat qildi. Unda jumladan, shunday deyiladi.
- Oilamiz bilan mehnat qilib, bog‘ qilgan va yashab turgan uy-joyimiz hokimning qarori asosida ajratilgan, kadastr yig‘majildi tayyorlangan, davlat xizmatlari markazidan ro‘yxatdan o‘tgan, shu asosda yillar davomida soliqlarni to‘lab kelayotgan bo‘lsakda, sud qarori bilan uy-joyimiz noqonuniy, deb topildi, - deydi M.Navro‘zova. – Biz ochiq yer maydonida artezian qazdirib, uzumchilik bilan shug‘ullanayotgan edik. O‘tgan yili uzumlarimiz hosil bera boshlagandi. Endi mehnatimizning rohatini ko‘ramiz deganimizda, uy-joyimiz noqonuniy, deb topilyapti.
Murojaatni o‘rganish uchun Ishtixon tumanidagi soha mas’ullari, IIB xodimlari bilan birgalikda Barlos mahallasida bo‘ldik. Ma’lum bo‘lishicha, Ishtixon tumani «Sohibkor» MFY, Bolqi qishlog‘ida joylashgan uy-joyda yashovchi fuqaro Navro‘zov Ilhom Abdug‘aniyevichga qarashli turarjoy binolariga bo‘lgan mulkiy huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida tuman hokimining 2019 yil 11 iyuldagi 5186-Q sonli qarori qabul qilingan. Unda yuqoridagi manzilda joylashgan uy-joyda yashovchi fuqaro Navro‘zov Ilhom Abdug‘aniyevichning 1,14 gektar yer uchastkasini 0,15 gektar qismini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilsin, deyilgan. Yer uchastkasida joylashgan jami 98,80 kvadrat metrdagi binolarga nisbatan mulkiy huquqlari e’tirof etish belgilangan. Shu asosda tuman davlat soliq inspeksiyasiga 1,14 gektar yer maydoni va mol-mulk soliqlari qonunda belgilangan tartibda undirish vazifasi yuklatilan. Qarorga asosan, «Sohibkor» MFY raisiga xo‘jalik daftariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish, tuman arxitektura va qurilish bo‘limiga bosh reja talablariga asosan hovli-joydagi qurilishlarni nazorat qilish yuklatilgan. Viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Ishtixon tuman filialiga esa yer uchastkasi hamda binolarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vazifalari belgilangan. Tuman kadastr idorasi xodimlari topshiriqqa asosan uy-joyga kadastr yig‘ma jildi tayyorlab, yer uchastkasi uchun alohida kadastr raqami bergan. Tuman hokimining qarori, kadastr yig‘ma jildi va fuqaroning arizasi asosida mazkur hujjat 2020 yil 13 fevralda tuman davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, mazkur hujjatlar fuqaroga uy-joyini qonuniy egalik qilish huquqini beradi. Xo‘sh, unda nega oradan shuncha vaqt o‘tgandan so‘ng bu muammo o‘rtaga chiqyapti?
- 2014 yilda qaynotam 15 bosh sovliqqa shu joyni Qayum Hoji bobodan sotib olgan ekan, ammo buni hozir hech kim isbotlay olmaydi, - deydi M.Navro‘zova. – Shundan so‘ng kuchimiz yetgancha kichikrok bo‘lsa ham uy qurdik, tok ekib parvarishladik, atrofimizga ko‘chatlar ekdik. Uy-joyimiz tumanning lalmikor hududida joylashganligi bois aholi asosan tok ekib, uzum yetishtiradi. Shu bois hammaga kattaroq maydon berilgan. Turmush o‘rtog‘im qishloqda mardikorchilik qiladi, uning topgan puli bilan ham ro‘zg‘or tebratish ham tok parvarishini qildik. Bir necha yil oldin qaynotam olamdan o‘tdi, uzumlarimiz o‘tgan yildan hosilga kirdi. Endi esa fermer kelib, «Bu joy fermer xo‘jaligi tasarrufida, uyni buzdiraman», deyapti. Uy qurib, tok hosilga kirguncha necha yil o‘tdi, bir kunda uy qurilib, ko‘chatlar ko‘karib qolmadiku, fermer qurilishlarni ham, ko‘chat ekib parvarishlayotganimizni ham ko‘rib, bilib turardi. Endi uzum hosilga kirgach, uyni noqonuniy, deb sudga berdi.
Murojaatni o‘rganish uchun borganimizda Ishtixon tumani markazida «Bolqi» fermer xo‘jaligining sobiq rahbari, hozirda esa ish yurituvchisi bo‘lgan Qayum Tirkashevni uchratdik. Undan murojaat bo‘yicha ma’lumot olganimizda «Yer davlatniki, qonun nima desa, shu bo‘ladi. Men qushning ham uyini buzishni istamayman, ularku hali odam, o‘sha uyida yashayversin», degandi. Bu gaplardan so‘ng murojaatning yaxshi tomonga o‘zgarishidan umid qilib, tegishli mas’ullar hamrohligida aytilgan manzilga yo‘l oldik. Ammo u yerda masala tamoman teskarisiga aylanib ketdi.
Ilhom Navro‘zov mardikorchilik va ustachilik ortidan topgan puliga imkoniyatidan kelib chiqib, 0,15 sotix maydonda ikki xonali uy qurib, atrofni obodonlashtirgani, mevali manzarali ko‘chatlar ekkani, uzum parvarishlab, hosilga yetishganda sud tomonidan uy-joyi noqonuniy deb topilganini bayon qildi. Agar uzum ekilgan bir gektar maydon qonunan fermerning tasarrufida bo‘lsa, mayli, olsin, lekin biz bu maydon uchun ham belgilangan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab boryapmiz, deb soliq to‘lovlarini ko‘rsatdi. Faqat 0,15 sotix uy-joyim o‘zimda qolsa bo‘ldi. Bu gaplardan so‘ng Q.Tirkashev uyni o‘zi qurganini, shu paytgacha indamagan bo‘lsa ham endi uyni buzdirish niyatida ekanligini aytdi. Kadastr hujjatlari va soliq to‘lovlarida bu yerlar qonunan I.Navro‘zovga tegishli ekanligi ko‘rsatilgan. Biroq fermerning hujjatlarini ko‘rishning imkoni bo‘lmadi.
- Nizoli uy-joyning noqonuniyligi yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritganimizdan so‘ng sudyaning o‘zi kelib, maydonni o‘rgandi, - deydi Q.Tirkashev. – Bu joy uchun alohida soliq to‘lanmaydi, fermer xo‘jaligining yeri sifatida men umumiy soliq to‘layapman.
Bundan ko‘rinadiki, bitta maydon uchun ham fuqaro ham fermer soliq to‘layaptimi? Unday bo‘lsa, nega fermer shuncha yildan buyon fuqaro, egallab, tok ekib, hosilga kirguncha da’vo qilmagan? Biroq uy-joy biz o‘ylaganimizdek, dalaning o‘rtasida emas, aholi uy-joylarining qatorida joylashgan. Murojaatchilarning aytishicha, shu atrofdagi aholi ham uy-joy qurish uchun yerni fermerdan olgan va uy-joylari uchun ham bir kunda, bitta mutaxassis tomonidan kadastr hujjati tayyorlangan. Ammo fermer ularning ham uy-joylarini sudga berishdan qo‘rqib, haqiqatni aytolmaydi. Anglaganingizdek, ushbu uy-joy Prezidentimizning 2018 yil 20 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni asosida mulk huquqi berilgan.
- Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi "Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida” farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari haqida”gi qarori doirasida fuqarolar davlat xizmatlari markaziga murojaat qilgan, - deydi Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali boshlig‘i Husniddin Ostonov. – Qarorda bizning idoramizdan tashqari, yer rusurslari, tuman arxitektori, soliq, «SES», ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish idorasi, yong‘in xavfsizligi kabi 7 ta xulosa beradigan komissiya tashkil etilgandi. Fuqaro ariza bergandan so‘ng kadastr palatasi idorasining vazifasi joyni o‘rganib, chizmalarni tizimga joylashtirish, undan keyin mas’ul bo‘lgan 7 ta tashkilot joyiga chiqqan holda o‘rganib, besh ish kunida o‘z xulosasini beradi. Agar o‘sha tashkilotlardan bitta bo‘lsa ham salbiy xulosa bersa, qaror chiqmaydi. Demak, mas’ul tashkilotlar bu uy-joy uchun ijobiy xulosa bergan va mulk huquqi bo‘yicha qaror chaqarilgan. Bu yerda yer rusurslari idorasi uy-joy joylashgan maydon aholi punkti, deb xulosa berilgan. Shunga asosan rad etilmagan va tuman hokimining qarori chiqarilgan. Davlat kadastrlari palatasi tuman hokimi qarorining o‘ziga tegishli qismini ijrosini bajarishi lozim. Qarorga asosan kadastr yig‘majildi shakllantirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Qaror bilan tasdiqlangan nizomda ob’yekt joylashgan yer boshqa shaxslarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zid kelmaydigan joyda joylashgan bo‘lsa yoki qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlar toifasiga kirmaydigan yerlar bo‘lsagina rad etilmasligi lozim. Boshqa shaxslar, fermer xo‘jaligiga tegishli maydonlar bo‘lsa, rad etilishi kerak. O‘rganish xulosalariga ko‘ra bu uy-joy rad etilmagan va mulk huquqi e’tirof etilgan.
Biroq «Bolqi» fermer xo‘jaligi boshlig‘i H.Tirkasheva nizoli uy-joy fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 236-konturda joylashganligi va uy-joyga tuman hokimining qarori chiqarilganligini 2022-yil noyabr oyida bilgan. Shundan so‘ng u uy-joyni noqonuniy va tuman hokimining 2019 yil 11 iyuldagi 5186-Q sonli qarorini haqiqiy emas, deb topish haqida sudga ariza bergan.
Samarqand tumanlararo ma’muriy sudining 2023-yil 2-mayda bo‘lib o‘tgan sud majlisida tuman hokimining 2019 yil 11 iyuldagi 5186-Q sonli qarorini qonunchilikka zid ravishda hamda arizachi huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzgan holda qabul qilingan deb hisoblangan. Yer Kodeksiga ko‘ra, fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har bir oilaga 0,06 gektargacha yer uchastkasi beriladi. Hokimning yuqoridagi qarori bilan esa mazkur qonun talablariga zid ravishda fuqaro I.Navro‘zovga 1,14 gektar yer uchastkasini 0,15 gektar qismiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining yuqorida keltirilgan qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga ko‘ra, murojaat etuvchi talab etilgan hujjatlar va arizani o‘z imzosi bilan tasdiqlashi lozim. Nizoli masalada esa I.Navro‘zov oilasini moddiy ta’minlash uchun boshqa shaharga ishlashga ketgan vaqtda uning turmush o‘rtog‘i M.Navro‘zova Davlat xizmatlari markaziga ariza berganligi ko‘rsatilgan.
Yuqoridagi holatlar tufayli sudning hal qiluv qarori qabul qilinib, «Bolqi» fermer xo‘jaligi boshlig‘i H.Tirkashevaning arizasi qanoatlantirilgan va Ishtixon tuman hokimining 2019 yil 11 iyuldagi 5186-Q sonli qarori haqiqiy emas, deb topilgan.
Qonunchiligimizda uy-joyga egalik qilish uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlari bo‘la turib, sudning qarori bilan bir oilaning yashab turgan uy-joyi noqonuniyga aylandi. Bunga kim aybdor, qonunlar ijrosiga mas’ul bo‘lgan idoralarmi yoki ijrochilar? Bu holat fuqarolarda qonunlar, vakolatli rahbarlar va ijrochilariga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otmaydimi? Mas’ullarning aybi, xatosi yoki e’tiborsizligi tufayli ikki oila (balki yana boshqalar ham bordir) o‘rtasida adovatning uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. Bunga murojaatni o‘rganish chog‘ida ham guvoh bo‘ldik, ammo kasb etikasi yuzasidan barchasini yoritishni lozim topmadik. Bir oilaning tinchligi buzilmasligi, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning uy-joylari buzilmasligiga umid qilamiz, xolos.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat),
«Zarafshon» muxbirlari.