«Hududgaz Samarqand» MChJ mansabdor shaxslariga jinoyat ishi ko‘zg‘atildi
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida 84 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) bo‘yicha 2019 yil yanvar-oktyabr oylari davomida sotilgan tabiiy gaz miqdorlari shartnomalarda belgilangan limit miqdori bilan haqiqatda olingan hisobvaraq fakturalar o‘zaro solishtirildi.
Natijada gaz ta’minoti idoralari mansabdor shaxslari tomonidan «Tabiiy gaz yetkazib berish va qabul qilish to‘g‘risida»gi qo‘shimcha shartnomalar tuzmagan holda jami 24 101 102 metr kub hajmdagi tabiiy gaz limitdan ortiqcha iste’mol qilingani, ushbu limitdan ortiqcha olingan har bir metr kub tabiiy gaz uchun belgilangan koeffitsiyentlar qo‘llanilmaganligi natijasida jami 8 milliard 651 million 258 ming so‘m miqdorda to‘lovlar kam hisoblangani aniqlangan.
Shuningdek, «O‘ztransgaz» va «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyatlari mansabdor shaxslari tomonidan tegishli tartibda ruxsatnoma berilmagan bo‘lsa-da, Samarqand viloyati bo‘yicha hududiy gaz ta’minoti filiali tomonidan 2019 yilning yanvar-oktyabr oylarida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan jami 46 ta AGTKShlari umumiy hisobda 2.497.608 metr kub hajmdagi tabiiy gaz bilan noqonuniy ravishda ta’minlanib, o‘zgalarning 842 million 854 ming so‘mlik, ko‘p miqdordagi mulki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
«Hududgaz Samarqand» ma’suliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslari o‘z vakolatini suiiste’mol qilib, yetkazib berilayotgan tabiiy gaz hajmini o‘z vaqtida iste’molchilar hisobiga olib borilishini ta’minlamasdan, 2019 yilning 1 noyabr holatiga iste’molchisi aniqlanmagan noreal qarzdorlikning 363 millirad 155 million 500 ming so‘m bo‘lishiga va davlat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi katta surishtiruvchisi, 1-darajali yurist U.Yuldashev tomonidan «Hududgaz Samarqand» ma’suliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi“a” bandi (o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish) va 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilib, tegishliligi buyicha Samarqand viloyati prokuraturasiga tergov harakatalarni o‘tkazish uchun yuborilgan.
MIB Samarqand viloyati boshqarmasi.