Ibratli hikoya: Kenja o‘g‘il sabog‘i
Bir qishloqda yosh yigit tijorat ishini boshladi. U ikki ko‘chaning chorrahasida savdo qilishga kirishdi.
Savdogar yigit oqko‘ngil, mehribon edi. Shuning uchun hamma uni yaxshi ko‘rar, ro‘zg‘orga zarur narsalarni uning do‘konidan olib, tanishlariga ham tavsiya qilishardi. Natijada bu yigit bir yil ichida mamlakatning bir tomonidan ikkinchi tomoniga yetadigan, xalqlarni bir-biriga jipslaydigan zanjir hosil qilgandi. Oradan ko‘p yil o‘tdi...
Kunlardan bir kuni u kishi xastalanib, shifoxonaga yotqizildi. Shifokorlar uni tekshirib, ko‘p yashamasligini aytishdi.
Shunda u yoniga uch o‘g‘lini chaqirib, shunday topshiriq berdi:
“Men bir necha yillar ter to‘kib, yaratgan firmamga oranglardagi bittang boshliq bo‘lasizlar. Lekin, qaysingiz eng loyiq ekaningizni bilish maqsadida har biringizga bir dollardan pul beraman. Ushbu bir dollarga xohlagan narsanglarni olishinglar mumkin. Lekin, bir shartim: bugun kechga bu yerga kelganinglarda, olgan narsanglar mana shu xonani boshdan-oyoq to‘ldirib turishi kerak!”
Uchala o‘g‘il ham nufuzli firmaga ega bo‘lish ilinjida hayajonlana boshladi. Nihoyat, uchalasi ham shaharga borib, pullarini ishlatishdi. Kechga qaytganlarida otalari so‘radi:
“Qani, to‘ng‘ich o‘g‘lim, pulingga nima olding?”
O‘g‘li javob berdi:
“Do‘stimning dalasiga bordim. Pulimni unga berib, ikki qop somon oldim”.
Keyin chiqib, somonlarni olib kirdi-da, xonaga socha boshladi...
Xona bir onda uchib yurgan somonga to‘ldi. Lekin, ko‘p vaqt o‘tmasdan haligi somonlar yerga tushdi. Ya’ni, ota aytganday: xonani boshdan-oyoq to‘ldirolmadi.
U kishi ikkinchi o‘g‘liga yuzlandi: “O‘g‘lim, sen pulingni nima qilding?”
“Men bir ko‘rpa-yostiq tikadigan odamni uyiga bordim. Ikki dona yostiq sotib oldim”, dedi ikkinchi o‘g‘il. Va, xonaga ikkita yostiq opkelib, ichidan parlarni (patlarni) chiqarib, yer bilan bitta qilib xonaga socha boshladi. Hammayoq pat bilan to‘lsa-da, darrov yerga tushib, yana xonani to‘ldirolmadi...
Shunda ota uchinchi o‘g‘lidan so‘radi: “Sen pulingni nima qilding?”
Uchinchi o‘g‘il bunday deb javob berdi:
“Siz bergan o‘sha bir dollarni olib, bir do‘konga bordim-da, maydalatib oldim. 50 sentini muqaddas joyga sadaqa qildim. 20 sentini shahrimizdagi ikkita yordam tashkilotiga berdim. Yana 20 sentini zaiflarga tarqatdim. Shunday qilib, 10 sentim qoldi. Unga esa ikkita narsa oldim”.
Bola qo‘lini cho‘ntagiga solib, bir gugurt qutisi va bitta sham chiqardi.
Xonaning chirog‘ini o‘chirib, shamni yoqqan edi: xona sham yorug‘i bilan to‘ldi!
Xona somon yoki patlar bilan emas, boshidan-oxirigacha “nur bilan, yorug‘ bilan” to‘lgan edi!
Ota benihoya xursand edi:
“Judayam yaxshi, o‘g‘lim!
Firmaning boshlig‘i – sen bo‘lasan. Chunki, sen – hayotdagi eng muhim narsani bilasan, ya’ni o‘z yorug‘ingni sochishni! Bu – judayam muhim...”