Ibratli voqea: Sadaqa
Bir kuni tush ko‘rdim. Tushimda quvnoq va shodon yurgan o‘liklar ortidan ketayotgan ma’yus keksa cholga nigohim tushdi.
Men undan:
- Mahzunligingiz sababi nedandir? - deb so‘radim.
U javoban:
- Anavi shod-u xurram yurganlarga atab ahillari yaxshiliklar qilib, sadaqalar ulashib turadi. Menga atab esa hech kim sadaqa qilmaydi.
Unga dedim:
- Zurriyodingiz yo‘qmi?
- Nega endi, albatta, zurriyodim bor. Uning ishi daryoda. U matolarni yuvib, kun kechiradi.
Uyqudan uyg‘ongach, daryo tomon yo‘l oldim. Va u yerda marhumning o‘g‘lini uchratdim. Matolarni tosh ustiga qo‘yib "tor, tor" deb yuvayotgan emish.
Undan qiziqib so‘radim:
- O‘g‘lim, bu nima deganing?
- Eh, rizqim torligidan, yetishmovchilikdan noliyapman-da, ota, - dedi.
- Vafot etgan otangga atab hech sadaqa qildingmi? - deb so‘radim.
- Dunyo molidan hech vaqoim bo‘lmasa, qanday qilib ularga sadaqa qilay?
- Arzimagan oddiy narsang bo‘lsa ham, chiqarib, sadaqa qilib yuborgin, bolam.
Yigit mening gaplarimdan keyin chelagidagi suvdan uch cho‘mich oldida, qirg‘oq tomon uloqtirib dedi:
- Mana shu, otamga qilgan sadaqam bo‘lsin. Men bundan ortiq narsani sadaqa qilolmayman.
Shu tuni men yana o‘sha keksa odamni tushimda ko‘rdim. U judayam masrur va quvnoq edi. Men undan:
- Hozir ahvolingiz qanday? - deb so‘radim.
- O‘g‘lim menga deb ozgina suv atadi. Suvning menga nafi tegib, g‘amimni parchalab, yuvib ketdi. So‘ngra men Allohdan o‘g‘limning halol rizqini keng qilishini so‘rab duo qildim.
- O‘g‘lingizni quygan suvida sizga ajr va savob keltiradigan hech qanday qimmatbaho narsa bo‘lmagan edi-ku. Koshki edi biron bir kishining chanqog‘ini qondirgan bo‘lsa.
- O‘g‘limning oz miqdordagi atagan suvi daryodan chiqib qolgan va oxirgi nafasini olayotgan mittigina baliqchaga yetib borib, uni daryogacha oqizib ketdi. Shunday qilib, ozgina suv hushsiz yotgan baliqchani o‘limdan qutulib qolishiga sababchi bo‘ldi. Mana shu o‘g‘lim tomondan kelgan xayrligi tufayli Alloh taolo meni karomatladi. Men esa Alloh taologa duo qilib, o‘g‘limni bu dunyosida ham, oxiratida ham xayrlik bilan rizqlantirishini so‘rab duo qildim.
Oradan bir necha oylar o‘tgach, yigitning mol-davlati ortib, boy va badavlat bo‘lib ketganiga o‘zim guvohi bo‘ldim.
***
Ozgina bo‘lsa ham sadaqa berishdan hayo qilmang. Mahrum qolishdan, ozgina bo‘lsa ham, berilgan sadaqa xayrliroqdir. Ota-onaning mehri ularning vafotidan so‘ng ham davom etaverar ekan. Chunki Alloh ota-onamiz vafot etgandan keyin ham ularning mehri bizga yetib turishi uchun bir eshikni ochib qo‘yar ekan.