Ichkilikning ayanchli oqibati Mutasaddilar ishtirokida muhokama etildi

Viloyat prokuraturasida spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, narkomaniya va taksikomaniyaga mubtalo bo‘lganlarni, shuningdek, ruhiyatida o‘zgarish kuzatilgan yoki ruhiy kasallikka chalinganlarni reabilitatsiya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi, davlat boshqaruvi organlari, nodavlat-notijorat va jamoat tashkilotlari hamkorligiga bag‘ishlangan seminar yig‘ilish o‘tkazildi.

Viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari S.Eshquvvatov boshqargan yig‘ilishda prokuratura, sud, ichki ishlar idoralari hamda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari rahbar va mas’ul xodimlari qatnashdi.

Qayd etildiki, viloyatda spirtli ichimliklar, psixotrop moddalar ta’sirida hamda ruhiy nosog‘lom shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahlillari mazkur toifadagi shaxslar bilan o‘tkazilayotgan profilaktik va sog‘lomlashtirish tadbirlari talabga javob bermayotganligini ko‘rsatmoqda. Hududlarda giyohvandlik va spirtli ichimlik iste’mol qilishga ruju qo‘yganlar hamda ruhiy kasalligi uchun hisobga olinganlarni majburiy tibbiy davolash ishlarini ham ijobiy baholab bo‘lmaydi.

Joriy yilning to‘rt oyida Samarqand shahrida 862 nafar, Kattaqo‘rg‘on tumanida 149 nafar, Past Darg‘omda 264 nafar va Urgutda 224 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar o‘z vaqtida tibbiy mussasaga joylashtirilmagan. Oqibatda mast holatda sodir etilgan jinoyatlar Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Urgut tumanlarida 100 foizga, Past Darg‘omda 50 foizga oshgan.

Shuningdek, ruhiyatida o‘zgarishi bo‘lgan yoki tajovuzkor ruhiy kasallarni hamda spirtli ichimliklarga ruju qo‘yganlarni hisobga olish, ularni o‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilmaganligi bir qator mudhish jinoyatlarga sabab bo‘lmoqda.

Misol uchun, 2019 yil 28 mart kuni Samarqand shahar Xo‘ja Yusuf mahallasida yashovchi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan Popova tanishi Yeryominani uyiga mast holatda kelib, uni qasddan o‘ldirgan.

Ruhiy zaif G.Jiyanova esa tanishining farzandini suvga itarib yuborib o‘limiga sabab bo‘lgan.

Sudlar va ichki ishlar organlari faoliyatida ham ayrim muammoli masalalar uchramoqda. Ba’zi hollarda IIB profilaktika inspektorlari tomonidan yo‘naltiruvchi xat bilan shaxsni tibbiy muassasaga majburiy joylashtirishga harakat qilinmoqda yoki bu boradagi hisobot hujjatlari buzib ko‘rsatilmoqda. Natijada, olib kelingan shaxslar narkologiya dispenseri hushyorxonasida belgilangan 12 soatgacha ushlab turilib, so‘ng yashash manzillariga qo‘yib yuborilmoqda. Bu esa ichki ishlar xodimlarining noo‘rin e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, amaldagi qonunchilikda shaxsni majburiy tibbiy davolash muassasasiga joylashtirish uchun tibbiyot muassasasi vrachlar konsultativ hay’atining xulosasi olinishi lozimligi hamda bemorning davolanish muddati tibbiyot muassasasi tomonidan belgilanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, ayrim hollarda sud amaliyotida tibbiyot muassasasi vrachlar konsultativ hay’ati xulosasi olinmasdan shaxsni tibbiyot muassasasiga joylashtirish haqida qarorlar chiqarilmoqda va bu qarorlarda shaxsni majburiy tibbiy muassasaga joylashtirish muddati ham ko‘rsatilmoqda.

Masalan, vrachlar konsultativ hay’ati xulosasi olinmaganligi oqibatida yuqumli “O‘pkalar disseminatsiyalashgan sili” kasalligi bilan og‘rigan, majburiy davolash uchun joylashtirish mumkin bo‘lmagan B.Isakov jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tuman sudining ajrimiga asosan majburiy tartibda davolashga yuborilgan.

Seminarda muhokama etilayotgan masala yuzasidan viloyat Narkologiya dispanseri bosh shifokori N.Kenjayeva, Ruhiy kasalliklar shifoxonasi psixiatr shifokori U.Shukrullayeva, viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.Umarov ma’ruza qildi.

Ma’ruzalarda sohadagi bugungi holatga tanqidiy baho berildi, muammoli masalalarning yechimiga qaratilgan fikr va takliflar munozaralarga sabab bo‘ldi.

Seminar yig‘ilish shu paytgacha e’tibordan chetda qolayotgan, biroq har jihatdan muhim masalaga bag‘ishlangani ta’kidlandi. Shu asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Baxtiyor NORMATOV,

Samarqand viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari.