Ichki ishlar organlari tizimida ishlovchi ayollar bellashdi

Samarqand shahrida viloyat ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xotin-qizlar o‘rtasida sportning badminton, stol tennisi, shaxmat-shashka va arqon tortish turlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.

Samarqand ichki ishlar boshqarmasining turli yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan xodimlar “Yoshlar” hamda “Qaldirg‘och” jamoalariga bo‘lingan holda bellashdilar.

"Yoshlar" jamoasi badminton va stol tennisida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, "Qaldirg‘och" jamoasi shaxmat va shashka hamda arqon tortishda o‘zlarining epchil va kuchli ekanliklarini ko‘rsatdi.

– Ishdan bo‘sh vaqtimda sportning yengil atletika turi bilan shug‘ullanganim bugungi musobaqada asqotdi, – deydi musobaqa ishtirokchisi A.Ibodova. – Tashkil etilgan bu sport musobaqasi biz, ichki ishlar tizimida ishlovchi xotin-qizlarni birlashtirdi, ishchanligimizni yanada oshirdi.     

Musobaqa yakunida barcha ishtirokchilarga viloyat ichki ishlar boshqarmasining diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Husan ELTOYeV.