Ijarachini muddatidan oldin uydan chiqarib yuborish mumkinmi?

Uy-joyni ijaraga olganda (yoki berganda) yozma shartnoma tuzilmasligi aksariyat holatda turli muammolarga sabab bo‘ladi. Masalan, uyning egasi muddatidan oldin ijarachilarni uydan chiqarib yuboradi yoki ijara narxini oshiradi. Ijara muddatida uy-joyga zarar yetsa, uni kim to‘lashi kerakligi to‘g‘risida kelishmovchiliklar kelib chiqadi. Ijaraga olish-berish tartibiga amal qilinmasligi ayrim hollarda ma’muriy javobgarlikka tortilishgacha olib boradi.

Xo‘sh, uy egasi ijarachilarni muddatidan avval uydan chiqarib yuborishi mumkinmi? Mumkin, faqatgina ma’lum shartlar bilan. Ijara shartnomasi ikki tomonning kelishuvi bilan bekor qilinadi. Ammo quyidagi hollarda uy egasi ijara shartnomasini bekor qilishni so‘rab sudga murojaat qilishi mumkin:

1) ijaraga oluvchi 6 oy davomida, bir yilgacha ijarada esa haq to‘lash muddati o‘tganidan keyin 2 martadan ko‘proq haq to‘lamagan bo‘lsa (agar shartnomada uzoqroq muddat belgilangan bo‘lmasa);

2) ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar bo‘lgan boshqa shaxslar uy-joyni vayron qilsa yoki unga zarar yetkazsa;

3) uy-joydan g‘ayrihuquqiy qilmishlarni sodir etish uchun foydalanilsa.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, ijara shartnomasi bir tomonning istagi bilan faqatgina sud tartibida bekor qilinadi.

Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi: Ijaraga olingan uyni kim ta’mirlaydi?

Agar uy egasi va ijaraga oluvchi boshqacha kelishmagan bo‘lsa, uy-joyni joriy ta’mirlash ijaraga oluvchining, kapital ta’mirlash esa uy egasining zimmasida. Masalan, ijara muddati davomida suv quvurlarining yorilib ketishi oqibatida devor yuzasiga kichik zarar yetdi. Bunday holatda ijara oluvchi ta’mirni bo‘yniga oladi. Agarda suv kuvurlarining yorilish uyning katta qismini shikastlantirsa, uy egasi ta’mirlaydi.

Darvoqe, bu jarayonda "Ijaraga olingan uyni boshqa kishiga ijaraga berish mumkinmi?", degan savol ham tug‘iladi.

Mumkin. Ijaraga oluvchi uy-joyni bir qismini yoki to‘lig‘icha boshqa shaxsga ijaraga berishi (ikkilamchi ijara) mumkin. Faqatgina ikki shart bilan asosiy ijara shartnomasi muddati bir yildan kam bo‘lmasligi va uy egasining roziligi olinishi shart.

Savolga huquqshunos S.Alibekov javob berdi.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.