Toshkent shahar hokimi ijaraga uy beruvchilardan vaqtincha pul talab qilmaslikni so‘radi

Poytaxtda aksariyat aholi ijarada yashashi va karantin sabab hamma uyda o‘tirganligi bois Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ijaraga uy beruvchilarga murojaat bilan chiqdi.

"Bugungi kun barchamiz uchun sinov. Ana shunday sinovli kunlarda barchamiz bir-birimizni har qachongidanda ko‘proq qo‘llab-quvvatlab, yordamimizga muhtoj kishilarga qo‘l cho‘zishimiz, og‘irini yengil qilib, ko‘mak berishimiz kerak.

Kuch birlikda! Bugun bir bo‘lib, jipslashib, dunyo gardaniga tushgan dardni yengishimiz shart.

Shahrimizda ijarada yashayotgan fuqarolarimiz, olis manzildan kelib yashayotganlar bor. Ular bugun karantin qoidalariga rioya qilgan holda o‘z oilalari bag‘ridan uzoqda, ijara uylarda yashashmoqda. Ular orasida karantin sababli, vaqtincha ishlamayotganlari ham mavjud. Bunday sharoitda albatta, ularga oson tutib bo‘lmaydi. Bir tomondan ijara pulini to‘lash, bir tomondan oilalarini ehtiyot qilish, ro‘zg‘or tebratish mas’uliyati yelkalarida turibdi.

Shu bois ijara beruvchilarga shunday sinovli kunlarda sabrli bo‘lib,  ularning holatini to‘g‘ri baholashlarini, ijara pulini vaqtincha talab qilmay turishlarini so‘ragan bo‘lardim. Vaqtinchalik to‘lanmagan ijara haqqi esa keyinchalik to‘lab berish sharti bilan ijarada turuvchi fuqarolarga taqdim etilsa, fikrimcha, adolatli bo‘ladi. Sinovli kunlarda o‘zaro ishonch, hamjihatlik ham juda muhim.

Shuni bilingki, bu kunlar unutiladi, ammo yaxshilik unutilmaydi!", dedi hokim.