Talabalarni “kvartira”ga qo‘yuvchilar Ye-ijara interaktiv xizmati orqali ijara shartnomasi tuzishi mumkin

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish interaktiv xizmati – Ye-ijara (ijara.soliq.uz) dasturi sinovdan o‘tkazilmoqda.

Unda yuridik va jismoniy shaxslar ko‘chmas mulk ob’yektlari uchun tuzilgan ijara yoki tekin foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yishlari mumkin.
Bundan tashqari, talabalar bilan tuzilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini ham Ye-ijara interaktiv xizmatida hisobga qo‘yish mumkin. Ijaraga beruvchi ijara.soliq.uz saytiga kirib "Ijaraga oluvchi to‘g‘risida ma’lumot" oynasiga ijaraga oluvchi talabaning JShShIRni kiritganda talabaga oid ma’lumotlar (F.I.O, ta’lim olayotgan o‘quv yurti, fakulteti, ta’lim shakli va bosqichi, shuningdek doimiy ro‘yxatga olingan manzili) avtomatik shakllanadi.

Talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalari hisobga qo‘yilganda ushbu ma’lumotlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bazasida shakllanadi. Bu esa oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berishda oliy o‘quv yurtlariga qulaylik yaratadi.

Davlat kadastrlari palatasi
viloyat hududiy boshqarmasi axborot xizmati.