Ikki barmoqlilar
Dunyoda tuyaqush odamlarning borligi rostmi?
Tashqi tomondan ular - pastbo‘y, qoratanli, negroid irqiga xos yuz xususiyalariga ega va qo‘shni qabilalardan farq qilmaydi. Lekin oyoqlari... ular shunchalik g‘ayrioddiyki, buni ko‘rgan har qanday odam shokka tushishi hech gap emas. Oyoqlarida o‘rta barmoqlar yo‘q, katta va kichik barmoqlar qisqichbaqa changali kabi bir-biriga deyarli tik chiziq joylashib rivojlangan. Mahalliy dialektda bu aholini “Sapadi” yoki tuyaqush-odamlar deb atashadi.
Buyuk yolg‘onmi yoki...
Umuman olganda ikki barmoqli odamlar haqidagi hikoyalarni turli manbalarda topish mumkin. Hatto qadimgi yunon tarixchilari ham ularni o‘z asarlarida tilga olib, bu qabila vakillarini “Apistodaktil”lar deb atagan.
Sapadi qabilasi XIX asrda sayyoh va olimlar tomonidan muhokama mavzusiga aylangan edi. Amerikalik sayyoh Pol De Shayyu Markaziy Afrika bo‘ylab qilgan sayohati to‘g‘risidagi kitobni nashr etib, unda shamol kabi tez yuguradigan, daraxtlarga maymunlardan ko‘ra yaxshiroq chiqa oladigan ikki barmoqli odamlar qabilasi haqida yozgan.
Yana 100 yildan keyin Ingliz etnografi Baster Filips geografik jurnallarning birida Zimbabvening Feyra shahri yaqinida ko‘rgan g‘ayrioddiy mahalliy aholi haqida maqola chop etdi. Olim daraxtlar shoxlarida nimadir yig‘ib, shoxdan-shoxga sakrab o‘tayotgan ikki barmoqli odamlarni ko‘rib qoldi, begona bir odam ularni kuzatib turganini ko‘rgan g‘alati mahalliy aholi daraxtdan sakrab tushib, qumda g‘ayrioddiy “tuyaqush” izlarini qoldirgancha qochib ketishdi.
Ushbu maqola jamoatchilik orasida har xil munozaralarni keltirib chiqdi. Darhol fotoovlichalar topildi, ular sirli qabilani izlab Afrika o‘rmonlari tomon shoshilishdi. Matbuotda tuyaqush oyoqli odamlarning fotosuratlari paydo bo‘la boshladi. Biroq olimlar o‘jarlik bilan bunga ishonishdan bosh tortdi, ular ko‘tarilgan shov-shuv buyuk yolg‘on, fotosuratlar soxta va qumdagi izlarni maxsus poyabzal qoldirgan deb hisoblashardi.
1971 yilda yuborilgan ekspeditsiya muvaffaqiyatli bo‘lishi dargumon edi. Biroq, qo‘shni qabilalar rahbarlari ishonchiga kirish va ularga berilgan sovg‘alar to‘plamidan so‘ng ular olimlar va Sapadi qabilasi o‘rtasida vositachi bo‘lishga rozi bo‘lishdi. Tadqiqotchilar esa ushbu g‘ayrioddiy qabilaning turmush tarzi va eng muhimi ularning fiziologik xususiyatlarini o‘rganishga muvaffaq bo‘ldi.
Sehrgarlar va tabiblar
Aniqlanishicha, Sapadilar o‘zlarini bu dunyoga Litolafisi qizil yulduzidan (Mars sayyorasi) kelgan qadimgi odamlarning avlodlari deb bilisharkan. Ular tibbiyot, farmatsevtika va barcha dorivor o‘simliklar xususiyatlari bilan juda yaxshi tanish va almisoqdan qolgan ilgakka o‘xshash asboblar bilan hatto tajribali jarroh ham o‘tkaza olmaydigan operatsiyalarni amalga oshirishga qodir ekan.
Sapadi o‘z qo‘shnilari orasida sehrgar va jodugarlar nomini olgan. Negaki, ular tayyorlagan kukunlar, shifobaxsh malhamlar va damlamalar juda mashhur. Shuningdek, ular o‘tkazadigan juda g‘alati marosimlar hech qanday mantiqiy tushuntirishga berilmaydi.
Muhimi, olimlarni oyoqlardagi sirli “qisqichlar” qiziqtirardi. Ilmiy jihatdan sindaktiliya deb nomlanadigan anomaliya qabilaning barcha vakillarida emas, balki atigi 15 foizida uchrashi aniqlandi. Rentgen ular oyog‘ida o‘rta barmoqlar borligi, lekin ular kam rivojlangan holatda ekanligi, chetdagi bosh barmoq taxminan 15, kichik barmoq esa 10 santimetrgacha yetadigan nomutanosib o‘lchamlarni ko‘rsatdi.
Hamma gap genetikada
Shu yerda olimlarni hayratda qoldirgan narsa shu bo‘ldiki, tirnoq sindromi uchun mas’ul genni ajratib olgandan so‘ng, ular aynan uning dominant (nasldan-naslga o‘tuvchi asosiy belgi) ekanligini aniqlab olishdi. Sapadi an’anaga sodiq holda faqat o‘z qabila vakillariga uylanib, turmushga chiqadi. Bola deformatsiya bilan tug‘ilishi uchun ushbu gen ota-onaning bittasida mavjudligi kifoya ekan.
Bu mutatsiya salomatlik uchun zararli emas, bu esa tuyaqush-odamlar yaqin kelajakda yo‘q bo‘lib ketmasligiga, ularning boshqalardan ajralib kun kechirishi qabila yashash joyidan tashqarida bu g‘ayrioddiy xunuklikning tarqalishiga hissa qo‘shmasligiga dalolat beradi.
Qiziq, Sapadiga bu gen qayerdan kelib qolgan? Hozircha olimlar bu savolga javob topganicha yo‘q.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.