Ikki davlat arxivchilari tajriba almashdi

“O‘zarxiv” agentligi hamrohligida Tatariston Respublikasi arxiv ishi bo‘yicha Davlat qo‘mitasi (Rossiya Federatsiyasi) delegatsiyasi viloyat davlat arxiviga keldi.

Uchrashuvda “O‘zarxiv” agentligi direktori U.Yusupov hamda Tatariston Respublikasi arxiv ishi bo‘yicha Davlat qo‘mitasi raisi G.Gabduraxmanova o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha 2025-2027 yillar uchun belgilangan amaliy harakatlar rejasi imzolandi.

- Ikki yilga mo‘ljallangan ushbu harakatlarda ikki tomon uchun ham foydali bo‘lgan rejalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan, - deydi G.Gabduraxmanova. - Samarqand davlat arxivi faoliyatini o‘rganish davrida hujjatlarni qabul qilish, hisobga olish, saqlash, ulardan foydalanish va davlat tomonidan saqlashga topshirish jarayonlarini ko‘zdan kechirdik. Hujjatlarni elektron raqamlash, nusxalash hamda tarixiy hujjatlarni saqlash jarayonlarini ko‘rib, samarqandlik arxivchilardan ko‘p narsani o‘rganib, tajriba orttirish mumkin, degan xulosaga keldik.

Tashrif davomida mehmonlar Samarqand tuman davlat arxivi faoliyatini ham o‘rgandi. Bu yerda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida arxiv ishi bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Dilmurod To‘xtayev,

F.Ro‘ziboyev (foto).