Ikki nafar voyaga yetmaganlarni jinoyatga jalb qilib, bosqinchilik sodir etgan shaxs ushlandi

12 yanvar kuni soat taxminan 02:00 larda noma’lum shaxslar Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, 8-kichik nohiya hududida piyoda o‘tib ketayotgan 43 yoshli Z.T.ning orqa tomonidan kelib, bosqinchilik yo‘li bilan egnidagi kurtkasining cho‘ntagidan 800.000 so‘m pullari va bir dona “Samsung Galaxy J6 PRO” rusumli uyali aloqa vositasini talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashirinishgan.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida ushbu jinoyatni 20 yoshli fuqaro R.X. voyaga yetmagan 11 yoshli B.T. va 12 yoshli D.K.lar bilan birgalikda, ularni jinoyat sodir etishga jalb qilgan holda sodir etganligi aniqlangan. R.X.dan bir dona “Samsung Galaxy J6 PRO” rusumli uyali aloqa vositasi ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Tergovda R.X. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “b” bandi (bosqinchilik) va 127-moddasi 3-qismi “b” bandi (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan hamda protsessual tartibda ushlangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.