Ayolni tunagan 5 nafar bosqinchi ushlandi

2020 yilning 18 yanvar kuni taxminan 16:45 larda noma’lum shaxslar, Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani, Mehrigiyo ko‘chasida ketayotgan 56 yoshli S.A.ga noma’lum kimsalar hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib, uning qo‘lidagi, ichida 4.400.000 so‘m naqd pullari va 4 turdagi tilla taqinchoqlari bo‘lgan sumkasini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringanlar.

Bu holatdan qo‘rqqan S.A. darrov IIBga murojaat qilmagan va biroz vaqt o‘tganidan so‘ng 2020 yilning 25 yanvar kuni Shahrisabz shahar IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 1-qismi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida ushbu jinoyatni 37 yoshli Ch.X. va S.M.lar, 27 yoshli M.M., 25 yoshli S.U. va 24 yoshli A.X.lar sodir qilganliklari aniqlanib, ular jinoyat ishida JKning 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan talonchilik) bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan. Gumon qilinuvchi Ch.X.dan tilla taqinchoqlar ash’yoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.