Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 15 million so‘mdan mukofot puli beriladi
Unga ko‘ra, mamlakatimizda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirib, fashizmga qarshi janglarda, mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan faxriylarimizga alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida:
1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 15 000 000 (o‘n besh million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlasin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoYeV