Tojiyevga qadalgan miltiq: Buyruqni bajarmasang, otaman, soldat!

Aybi tengdoshlaridan biroz erta, otasiz ulg‘aygani bo‘ldi. Hali g‘o‘r yigit birinchilardan bo‘lib urush o‘chog‘iga otlandi. Qon kechdi. Uch marta o‘lim changaliga tushdi. Bilagini teshib o‘tgan o‘qqa ko‘ksini, boshini tik, mag‘rur tutib berdi. Yo‘q, shunchaki tutib bermadi. Mardonavor olishdi, kurashdi. Urushga qarshi qariyb 100 yil kurashdi...

Qizg‘in jang borardi. Ustidan vizillib o‘tayotgan o‘qlar telpagini ham shilib o‘tdi. Dushman yaqinlashib qolgan. Fursat g‘animat. Bo‘sh kelmay, nishonga olaverish kerak. Ha, shunday bo‘ldi ham. Avval boshi, keyin bilagi qo‘rg‘oshinday qizidi. Keyin...

U yog‘i yodida yo‘q. Faqat bir yigitning yelkasiga osilib, jang maydonidan uzoqlashib borayotgani elas-elas ko‘z oldidan o‘tadi.

O‘q faqat telpakni shilib ketmagan. Avval boshi, keyin bilagini teshib o‘tibdi. Issig‘ida sezilmagan ekan. Polk komandiri bu talafotdan xabar topgach, shifokorni yo‘qladi. Ancha askar boy berilibdi. Yana o‘n-o‘n besh nafar yaradorga qo‘shib, uni ham “odam bo‘lmaydi”, deyishdi.

O‘shanda bir emas, uch marta o‘limga ro‘baru kelgandi-ya. Tag‘in, nega odam bo‘lmasin? U chidaydi. Ortida yolg‘iz duogo‘yi - onasi bor. Qishlog‘i, Vatanini himoya qiladi. “Oy borib, omon qayt. Yuzing yorug‘ bo‘lsin!”, degani uchun ham odam bo‘ladi u.

Otaxon bilan bir yil avval – G‘alabaning 75 yilligi arafasida suhbatlashgandik.

– Tangaday yorug‘lik tushmaydigan zahkash o‘rmonda sog‘lig‘imni yo‘qotdim, – degandi o‘sha kunlarni eslab. – Kechasi ko‘zim ko‘rmay qoldi. Tong bilan shomni farqlash qiyin. Lekin oldinda muhim jang turibdi. Rota boshlig‘i ikki soat o‘rmon oralab yurishga buyruq berdi. Menda imkon bormi? Ravon yo‘ldan boraverdim. Chunki ko‘z oldim kundan kun xirilashab borayotgandi. Bir safar o‘rmonda qattiq jarohat oldim. Yiqilgan qarag‘ayga to‘qnash kelibman. Urushga kirmay yaralangan askar, degan nom juda og‘ir botdi o‘shanda. Boshliq buni qayoqdan bilsin? Tabiiyki, jahli chiqdi. Menga ishonmadi. Tayin qilingan joygacha haqoratlab keldi. Keyin otib tashlamoqchi bo‘ldi. Ko‘ksimga miltiq tiradi.

– Buyruqni bajarmasang, otaman, soldat!

– Shomda ko‘rmayapman, axir. Ammo chekinmayman, qoqilsam, koyinma. Olg‘a boraman. Ishonmasang, ilojim qancha, otaver!

U miltiqni o‘qladi...

Polk boshliqlaridan biri kuzatib turgan ekan. Bir ishora bilan uni to‘xtatdi. Yaqin kelib, ikki barmog‘ini ko‘zimga suqdi. Qorachig‘im achishdi. Yoshlandi. Shunda ham ko‘zlarim yumilmasdi.

– Kimsan, isming nima? – so‘radi boshliq.

– Oddiy askar, Tojiyevman.

– Bas. Tojiyevning ko‘zi ko‘rmayapti. Ammo mard yigit ekan. Unga yordam beringlar.

Shapko‘r nigoh bilan jangga kirdim.

Besh-olti oydan so‘ng ahvolim ancha yaxshilandi. Yana ko‘ra boshladim. Lekin o‘sha jangdan so‘ng baribir uyga qaytarishdi. Shifoxonada davolandim. Olti oy ichida yana chaqirib olamiz, deyishgandi. Ammo 1944 yilning o‘rtalarida urush poyoniga yetayotgani ma’lum bo‘ldi. Jamoa xo‘jaligida ishlab yuraverdik.

Urushdan keyingi yillar ham oson kechgani yo‘q. Bugungi dorilamon kunlarni ko‘rish faqat bizga nasib qildi.

Ba’zan tunlari uyg‘onib ketaman. Jang maydoni, urush xotiralari yodimga tushadi. Ular meni bir umr tobladi. Faqat halol yashashga undadi. Demak, haqiqiy kurashda ham g‘olib kelyapman.

Yoshlar farovon hayotning qadriga yetishi kerak. Bugungidek zamon, sharoit hech qachon bo‘lgan emas. Xotira va qadr tushunchasi nega yonma-yon ishlatiladi? Chunki inson ikkisi bilan tirik. U mana shu so‘zlarni aytishdan sira charchamaydi.

P/S.: Jomboylik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi G‘anijon Tojiyev haqiqatan ham el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan inson edi. Butun umrini atrofdagilarga mehr ulashish, halol mehnat bilan kun ko‘rish, odamlarni tinchlikni qadrlashga chaqirish uchun sarfladi. 2019 yilda vafot etdi.

Sherzod ISOQULOV.