Ikkinchi jahon urushida Kreml fashistlardan qanday himoya qilingan edi?

1941 yil 22 iyun tongida nemis qo‘shinlari Sovet ittifoqiga hujum boshladi. “Barbarossa” rejasiga ko‘ra, Germaniya SSSRning butun g‘arbiy chegarasi bo‘ylab uchta armiyalar guruhi bilan zarba berdi. Hujum kutilmaganda berilganligi uchun birinchi kundanoq sovet tomoni harbiy texnika, o‘q-dorilar va samolyotlarni asosiy qismini boy berdi.

Mazkur makolamiz bu haqda emas. Xabaringiz bor, uch kundan keyin - 24 iyun kuni Moskvada nemis fashistlari ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi katta tantanalar bilan nishonlanadi. Shu bahona Ikkinchi jahon urushida Kreml fashistlardan qanday himoya qilingani haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Ma’lumki, Qizil Maydonda joylashgan Kreml 9 asrdan beri (1156 yilda knyaz Yuriy Dolgorukiy buyrug‘i bilan qurilgan) Moskvaga beqiyos ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Albatta, gazetxonni Moskva Kremlining Ikkinchi jahon urushidan qay tarzda omon qolgani qiziqtirishi shubhasiz.

Nemis-fashist qo‘mondonligi “Markaz” deb nomlangan armiyalar gruppasiga 1941 yilning 30 sentyabridan 77 diviziya (bir millionga yaqin kishi), 1700 ta tank, 950 ta samolyot, 14 mingga yaqin to‘p va minomyot bilan hujum boshlagan edi. Fashistlarga qarshi esa sobiq sovet qo‘shinlarining 95 diviziyasi (800.000 ga yaqin kishi), 780 tanki, 545 ta samolyoti, 6800 ta to‘p va minomyoti qarshi qo‘yilgan edi, xolos.

To‘g‘ri, hali Germaniya bilan urush boshlanmasdanoq Kremlni dushmandan himoya qilish choralari obdon ishlab chiqilgan edi. 1941 yilning 26 martida o‘quv mashqlari ham olib borilgan. 1941 yilning 22 iyun kuni ertalab soat 8:30 dayoq Kreml komendanti binoni qattiq qo‘riqlash haqidagi buyruqni imzolagan. Sentyabr oyiga kelib esa dushmanning Moskvaga yaqin kelib qolganini hisobga olib, komendant Kremlni portlatish uchun 4 tonna portlatgich, detanator va maxsus simlar bilan ta’minlashlarini so‘rab, boshliqlariga murojaat qilgan...

Ungacha esa 26 iyunda komendant Nikolay Spiridonov SSSR Xalq komissarlari soveti raisi Lavrentiy Beriyadan akademik-arxitektor Boris Iofan guruhi Kreml devorlarini faner-taxtalar bilan to‘sish va turli turar-joy binolari ko‘rinishidagi qoplamalarni turli ranglarga bo‘yash uchun ruxsat olgandi. 28 iyunda faoliyatini boshlagan B.Iofanning guruhi ishni Kreml joylashgan ko‘chaning ikki tomoniga ham fanerlar o‘rnatib, ularga binolar tomini chizib,  shaharning yolg‘ondakam “kvartallari”ni barpo etdilar. Kremlning qizil devorlari, toshi turli ranglar bilan bo‘yab tashlandi. Buyuk Ivan qo‘ng‘iroqxonasini dushman havo hujumlaridan himoya qilish uchun yashirish juda qiyin kechdi. Chunki, o‘sha paytlarda bu bino Moskvadagi eng baland qurilishlardan biri sanalardi. Binodan to‘rt burchakli tamg‘alarni olib tashlashga, minoradagi besh yulduzni faner taxta bilan berkitishga, binoni uncha ko‘zga tashlanmaydigan rangga bo‘yashga to‘g‘ri keldi.

O‘quvchilarga fashistlarning samolyotlari urushning uchinchi kuniyoq 1941 yilning 24 iyun kuni Moskva shahri ustidan josuslik maqsadida uchganini (shu kuni birorta ham bomba tashlamagan edi, oradan bir oy o‘tib, 22 iyul kuni kechasi Kreml hududida 6 soat mobaynida hujum qilganini aytib o‘tish joizdir. O‘sha kuni Moskvaga nemis qiruvchilari 1951 ta fugas va 56 ming 620 ta yondiruvchi bombani yog‘dirishdi. Natijada 6 ming 380 nafar kishi jabr ko‘rdi, ularning 1327 nafari halok bo‘ldi. 250 kilogrammlik fugas bombalarining biri Katta Kreml saroyiga kelib tushdi. Lekin qandaydir tasodif tufayli bu bomba portlamagan.

1941 yilning 12 avgust kuni yarim tunda Moskva ustida bir motorli kichik samolyot ucha boshladi. Shahar qo‘riqchilari samolyotni o‘zlariniki deb bilib o‘q uzmadilar. Oradan yarim soat o‘tib, bu samolyot ortidan quyuq tutun qoldirib Kreml ustidan ikki marta aylandi-da, tezda g‘oyib bo‘ldi. Oradan bir pas o‘tib razvedkachi samolyot qoldirgan tutunni nishonga olib, bomba tashuvchi samolyotlar fugas bombalarni tashlashdi: ularning biri Arsenal devorining sharqiy qismini butunlay o‘pirib tashladi. Kichik Arsenal hovlisidagi garaj, yotoqhona, gornizon bo‘linmasi ham qattiq shikastlandi. 13 nafar kishining jasadini xarobalar tagidan olib chiqish oson kechmadi. Shundan so‘ng, Stalin kabineti va binoning ayrim derazalarini almashtirishga to‘g‘ri keldi.

Umuman olganda, 1941 yilning 21 iyulidan 1942 yilning o‘rtalarigacha Moskva shahrini bombardimon qilish uchun 95 marta tungi, 30 marta kunduzgi parvozlar amalga oshirildi. Bunda 7 ming 202 ta samolyot qatnashgan bo‘lib, ularning 388 tasigagina shaharga kirish nasib etgan.

1942 yilning 29 martida Kreml hududida oxirgi bomba portladi. 15 aprelga kelib esa Kremlga o‘rnatilgan “aldoqchi arxitektura” qoplamalar (maskirovka) olib tashlandi. Kremlni bombardimon qilishga urinish 1943 yilning avgustiga qadar davom etgan bo‘lsa-da, bu hududga birorta ham bomba kelib tushmadi.

1941 yilning iyunidan 1945 yilning may oyiga qadar Moskva Kremli hududida ro‘y bergan voqea- hodisalar haqida ko‘p gapirish mumkin. Lekin hali keng ommaga oshkor qilinmagan voqealar ham anchagina. Bizningcha, 1941 yil 7 noyabrda Qizil Maydonda o‘tkazilgan parad atigi 25 daqiqa (soat 9:00 dan 9:25 gacha) davom etganini, harbiy paradda atigi bir nechta qism askarlari qatnashganini, Stalinning so‘zi faqatgina radio orqali berilganini, bu nutq Qizil Maydonda emas, Kremlning Sverdlov konsertlar zalida yozib olinib, efirga uzatilganini hanuz ko‘pchilik yaxshi bilmasa kerak. 1945 yilning fevralida Leninning xoki mavzoleyga qaytarildi, 1 mayda esa Kreml minorasidagi besh yulduzlar yana porlay boshladi...

Izzatulla Norquvvatov tayyorladi.