Ilon Mask Twitter aksiyalarini sotib olish uchun 2,64 milliard dollar sarfladi
Amerikalik milliarder Ilon Maskning bu qarorga kelgani haqidagi ma’lumot 5 aprel kuni AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etilgan hujjatlardan kelib chiqqan.
Milliarder yangi hujjatni 13D shaklida taqdim etgan, ya’ni investor kompaniya ishida faol ishtirok etish niyatida. Dushanba kuni yuborilgan oldingi hujjatni esa Mask 13G shaklida topshirgan. Bu kompaniyaning passiv ulushini ro‘yxatdan o‘tkazishni o‘z ichiga olib, investor nazoratni amalga oshirish niyatida emasligini bildiradi, deyiladi CNBC telekanalida.
5 aprel holatiga ko‘ra, Mask Twitterning 73,115 million dona aksiyasi yoki 9,1 foiziga egalik qilmoqda. Seshanba kuni Twitter aksiyalari savdosi yopilishi holatiga ko‘ra, Maskning ulushi 3,73 milliard dollarga baholangan.
Ma’lumki, milliarder aksiyalarni yanvar oyi oxiridan boshlab sotib ola boshladi va deyarli har kuni savdolarni amalga oshirdi. Investor eng yirik bitimni 7 fevral kuni amalga oshirdi - u 176 million dollarga 4,8 million donadan ortiq aksiya sotib olgani ma’lum bo‘ldi.
Bir kun oldin Mask Twitter direktorlar kengashiga kirgani e’lon qilindi. Uning boshqaruv a’zosi sifatidagi kompaniya ulushi 14,9 foizdan oshmasligi kerak.
O‘tgan hafta Mask kompaniya platformasidagi akkauntida ijtimoiy tarmoqning so‘z erkinligiga bo‘lgan yondashuvidan mamnun emasligi va u yangi platforma yaratish haqida “jiddiy o‘ylayotganini” aytdi.
G.Xoldorova tayyorladi.