Ilon Maskka maktub yozgan oqdaryolik tadbirkor oila tuman «Ayollar daftari»ga ta’sir o‘tkazgani rostmi?

Aslida Oqdaryoga «Ayollar daftari» bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni yoritish maqsadida borgandim. Ammo ko‘rganlarim faqatgina qiynalgan ayollarga ko‘rsatilayotgan yordam nechog‘lik ekani bilan cheklanmadi. Qariyb to‘kilib ketaman, degan uylarda yashayotgan, nogironlikka chiqarilishiga «imkon berilgan» xotin-qizlar, Rossiyada ishlab kelgan bor pulini tadbirkorlikka tikkan, Ilon Maskka maktub yozgan, 82 yoshida qo‘shiq aytib, hayotidan zavqlanib yashayotgan onaxon va boshqalar bilan uchrashdim, suhbatlashdim, fikrlari, xulosalarini eshitdim… «Ayollar daftari»ga kirishga oshiqayotganlaru, ushbu ro‘yxatga qo‘shilib qolganidan uyalgan ayollarni ko‘rdim.

Ushbu «sarguzasht»larni so‘zlab berishdan oldin tumandagi «Ayollar daftari» bilan bog‘liq ba’zi raqamlarni keltirib o‘tsak.

- 35 ta mahallani o‘z ichiga olgan tumanimizda yil boshidan boshlab 1321 nafar xotin-qiz «Ayollar daftari»ga kiritilgandi, - deydi Oqdaryo tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari Yulduz O‘roqova. - Ayni kunga qadar jami 900 nafarga yaqin ayollar ushbu daftardan chiqarildi. Alohida ta’kilash kerakki, tuman kengashi sessiyalarida deputatlar tomonidan ma’qullangachgina ushbu ro‘yxatdan ayollarni chiqarish mumkin. Aytmoqchimanki, ro‘yxatdan o‘z xohishimizga ko‘ra aholini chiqara olmaymiz.

Xo‘sh, mazkur daftardan ayollar qanday chiqdi? Ular orasida boquvchisini yo‘qotgan, imkoniyati cheklangan ayollar mavjud bo‘lib, ahvoli, yashash sharoiti unchalik og‘ir bo‘lmaganlariga bir martalik moddiy yordam ajratildi. Ushbu ayollarning barchasi to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 144 nafariga tibbiy yo‘nalishda maqsadli yordam ko‘rsatildi. Ya’ni dori-darmon olib berilib, viloyat, respublika shifoxonalarida davolanishi uchun orderlar tadqim etildi. Ahvoli og‘ir, tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni bo‘lmaganlarining holidan xabar olindi, moddiy yordam ko‘rsatildi. Uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning 24 nafari ro‘yxatga olindi, ularning 3 nafari ijtimoiy uyga joylashtirildi. Ikki nafar og‘ir ahvoldagi ayollarga tuman hokimi tashabbusi bilan, homiylik asosida uy qurib berilmoqda.

Shuningdek, 301 nafar ayolning bandligi ta’minlandi, 272 nafariga kredit ajratildi, 42 nafariga tomorqasida ishlashi uchun ko‘mak ko‘rsatildi. 4 mahallada mini sex tashkil etilib, unda 20 nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. 184 nafar xotin-qizga tikuv mashinkalari berildi.

Yil davomida «nogironlik»ka chiqolmagan ayol

Shahloning turmushi uncha o‘xshamadi, ikki nafar qizi bilan ota-onasining uyiga qaytib keldi. Birining imkoniyati cheklangan. Afsuski, ota-onasining ham ahvoli haminqadar, qizi bilan ikki nevarasining tuzukroq yashashi uchun hatto sharoit yo‘q. Ushbularni inobatga olgan holda tuman hokimligi homiylarni jalb qilib, ayolga to‘rt xonali uy qurib bermoqda. Ehtimol, ko‘pchilik yashab turgan uyi bo‘laturib, nega bu ayolga uy qurib berilayotganiga hayron qolishi mumkin. Ammo ishonavering, Shahlo ota-onasi bilan yashayotgan uyni uy hisobiga qo‘shish juda mushkul, ana – mana yiqilaman, degan uy boshpanadan ko‘ra biror kun biror kishiga shikast yetkazishi ehtimoli katta bo‘lgan qurilma, deyish mumkin. Qolaversa....

-  Bu ayolni ishga joylashtirish ilojsiz, sababi, nogiron farzandiga o‘zi qarashi kerak, - deydi «Yangiravot – 2» mahallasi raisi Mavjuda Jo‘raboyeva. – 4546 nafar aholining 2217 nafari xotin-qizlardir. Ularning 59 nafari «Ayollar daftari»ga kiritilgan. Hozirgi kunda juda qiyin ahvolda bo‘lgan 5 nafarigina ro‘yxatda qoldi.

Shuningdek, mahallamizda istiqomat qiluvchi yana bir ayolni uzoq yillardan beri nogironlik nafaqasiga chiqarishga o‘zim ham bir necha marta harakat qilgandim. Ruhiy xastaligi, oila qurmaganligi uchun qarovchisi ham yo‘q. Akalari bilan bir uyda istiqomat qilsa-da, qator muammolari bor xonadonda yashashini inobatga olib, bu ayolga ham uy qurib berilmoqda. Bundan avval ham bu ayolni nogironlikka chiqarish uchun bir necha bor harakat qilganman. Afsuski, u tashkilotdan bu tashkilotga bor, qabilidagi gaplardan keyin iloji bo‘lmagandi. «Ayollar daftari»ning yaxshi tomoni shunda bo‘ldiki, bu masala bilan faqatgina mahalla shug‘ullanmayapti. Aksincha, barcha tashkilotlar ushbu daftardagi ayollarni ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha bir bo‘lib harakat qilayotgani aholining muammolarini o‘z vaqtida hal etishda muhim ahamiyatga ega.

 Chekka qishloqdan respublikaga tarqalayotgan mahsulot

Tumandagi Bobur mahallasida 40 nafar ayol daftarda ro‘yxatga olingan.  Ushbu mahalladagi xotin-qizlarning soni ham ikki mingdan ziyod. Mahalla aholisi chorva, dehqonchilik bilan shug‘ullanishi barobarida ular orasida issiqxona tashkil qilganlar ham ko‘p. Mahallada faoliyati kengaytirilgan tikuv sexi tufayli shu yil bir nechta xotin-qiz aniq ish joyiga ega bo‘lishdi.

«Bunyodjon-Komronjon» tikuv sexidagi tayyor mahsulotlarni ko‘rarkanmiz, hayratimizni yashirolmadik. Sababi, bozor rastalarida, do‘konlarda biz chet eldan keltiriladi, degan taxmin bilan xarid qilinayotgan ko‘rpa, yostiqlar chekka bir qishloqda tikib sotilayotganiga ishonging kelmaydi. Sex mutasaddilarining aytishicha, 350 xilda, bir kunda yuzlab ko‘rpani qavish imkoniyati mavjud uskuna keltirilgach, ular chiqarayotgan mahsulotlar soni ham bir necha baravarga ortibdi. Xilma-xil mato va qalinlikdagi, turli ko‘rinishdagi qishki, bahorgi ko‘rpalar, yumshoq yopinchiqlar, turli ko‘rinishdagi yostiqlaru, ko‘rpajildlar nozik didli xaridorning ham e’tiboridan chetda qolmaydi.

- Shu yil baxmal ko‘rpalarni ham yangicha dizaynda qavib, xaridorlarga yetkazishga harakat qildik, - deydi turmush o‘rtog‘idan erta ayrilib, to‘rt farzandini yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgani uchun «Ayollar daftari»ga tushgan Umida Azamatova. – Xaridorlarga ma’qul tushishiga qarab, ularning sonini oshiramiz. Shu sexdagi faoliyatim tufayli farzandlarimni boqyapman, turmushimni yurityapman. Shuning uchun ko‘proq izlanishga, yaxshiroq ishlashga, xaridorlarga ma’qul keladigan mahsulotlar tikishga harakat qilamiz.

Ilon Maskka maktub yozgan, Tesla bilan hamkorlik shartnomasi imzolagan tadbirkor

Yuqorida chekka qishloqdan respublikaga tarqalayotgan mahsulot haqida aytgandim. Oqdaryo tumani bo‘ylab safarni davom ettirarkanmiz, nafaqat respublika, balki butun dunyoga eksport qiladigan korxonalar faoliyatiga duch keldik. Mavzu tumandagi ishlab chiqarish korxonalari emas, ammo aynan shu korxonalarda xotin-qizlarning bandligi ta’minlanayotgani, ko‘proq xodimlari ayol kishi ekanligini inobatga olib, ular haqida to‘xtalib o‘tdik. Gap tumandagi Pichoqchi mahallasi haqida ketmoqda.

- Mahallamizda ishlab chiqarish korxonalari ko‘p va ularning aksariyatida mahallaning xotin-qizlari band, - deydi Pichoqchi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi o‘rinbosari Zarifa Tursunmurodova. – Mag‘iz eksporti bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab korxonalar bor, shuningdek, boshqa ishlab chiqarish korxonalari, o‘quv markazlari, tikuvchilik sexlari faoliyat ko‘rsatadi. Yong‘oqni chaqib, mag‘zini ajratish, saralash, qadoqlash kabi ishlarni sexlarda xotin-qizlar bajaradi, ba’zi xonadonlarda oila a’zolarining barchasi shu ish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Ming marta eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan afzal, albatta. “Pichokchi dry fruits” LTD korxonasiga borganimizda, bu yerda ulkan qurilish ishlari ketayotganiga guvoh bo‘ldik.

- Ayni kunda quruq meva mahsulotlarini qayta ishlash uchun yirik majmua qurilishi amalga oshirilyapti, - deydi “Pichokchi dry fruits” LTD korxonasi direktori yordamchisi Shodiyorxon Abduvoyitov. – 2 gektar yerda qurilayotgan ushbu majmuada mevalarni qayta ishlash, quritish, meva va sabzavotlarni krem holiga keltirish, qadoqlash kabi ishlar amalga oshiriladi. Jami 4 million AQSh dollari qiymatidagi, ikki million dollari turk investorlari tomonidan ajratilayotgan loyiha shu yil oxiriga qadar ishga tushishi rejalashtirilgan. U ishga tushsa shu atrofdagi 200 nafar aholi doimiy ish bilan ta’minlanadi. Majmua faqatgina mevalarni qayta ishlovchi sexlardangina iborat emas, bu yerda o‘ziga xos tarzda logistika markazi ham barpo etiladi.

Loyiha doirasida nafaqat mevalarni qayta ishlash sexlari, balki boshqa yangiliklarni ham amalga oshirish niyatidamiz. Yaqinda Tesla kompaniyasi rahbari Ilon Maskka internet orqali maktub yozdim. Tadbirkorligimiz, rejalarim haqida fikr bildirgach, u bilan hamkorlik qilish haqidagi aniq takliflarimni bildirdim. Buni qarangki, oradan ko‘p o‘tmay, undan javob xati keldi. Majmua yonida elektr manbai bilan harakatlanadigan avtomobillarni quvvatlantirishga mo‘ljallangan shoxobcha qurishni ham rejalashtirganmiz. Bizda elektrda yuradigan avtomobillar sanoqliku, bu shoxobchadan nima naf, deb hayron qolayotgan bo‘lishingiz tabiiy. Ammo yaqin kelajakda bu avtomobillar mamlakatimizda ham ommalashadi, har holda bir tadbirkor sifatida bunga ishonaman.

Ayni kunda ham o‘nlab xorij davlatlariga mahsulotini eksport qiladigan ushbu korxona rahbari faoliyatini aslida bundan 20 yillar avval, 10 kilo yong‘oq mag‘zi sotish bilan boshlagan bo‘lsa, bugun ular yiliga bir million dollarlik mahsulot eksporti bilan shug‘ullanadi. Aynan shu tadbirkor faoliyati tufayli bugun mahallada o‘nlab shu yo‘nalishdagi korxonalar vujudga kelgan. Shuningdek, yana o‘nlab boshqa turdagi tadbirkorlar o‘z ishini davom ettirmoqda. Ya’ni, falonchi ish boshladi, o‘xshadiku, biz ham bir urinib ko‘raylikchi, degan umidda tikuvchilik sexi ochgan, o‘quv markaziyu boshqa yo‘nalishda ish boshlaganlar soni ortdi.

«Devorga pul sarflab, uni tomosha qilishdan nima naf?»

Ha, shu mahallada istiqomat qiluvchi Ergashevlar oilasi Rossiyada ishlab kelgach, bor pulini tadbirkorlikka tikdi.

- Men ham avvaliga boshqa ayollar singari ishlab topgan pulimizga uyimizni chiroyli ta’mirlaylik, yaxshiroq mashina olaylik, deya turmush o‘rtog‘im bilan biroz aytishib qolgandim, - deydi «Ok fabrik» korxonasi ish boshqaruvchisi Aziza Egamqulova. – Ammo turmush o‘rtog‘im, boshqa taklifni bildirdilar. «Bor pulni devorga sarflab, keyin uni ochdan-och tomosha qilib o‘tiramizmi, o‘ylab ko‘r», deganlaridan keyin Rossiyada o‘zimiz ishlagan sexlarni ko‘z oldimga keltirdim. Kichikroq sex tashkil qilsakchi, deya mablag‘imizni chamalab, tikuv mashinkalari xarid qildik, paxtali futbolka va boshqa kiyim-kechaklar tika boshladik. Afsuski, ishimiz unchalik o‘xshamadi. Sababi, biz bozorni to‘liq o‘rganmagandik. Bor pulimizni tikkandik, uskunalar keltirganmiz. Boshqa mahsulot tikishga o‘tdik. U ham biz o‘ylaganchalik bozorda xaridorgir bo‘lmadi. Izlanish, o‘rganishda davom etdik. Minib yurgan mashinamizni ham sotib, yangicha yo‘nalishda ish boshladik. Ya’ni endi avtomobil o‘rindiqlariga qoplamalar tika boshladik. Hozir sakkiz nafar xotin-qizni ish bilan ta’minladik. Tuman hokimligi mashinkalar olishimizga ham yordam berdi. Ishimizni kengaytirib, boshqa viloyatlardan ham xaridorlarni ko‘paytirsak, yanayam ko‘proq xotin-qizlarni ishli qilamiz, degan umiddaman.

***

Darvoqe, tuman bo‘ylab xizmat safarimiz davomida xalq og‘zaki ijodi targ‘iboti yo‘nalishidagi tanlovga ham birrov bosh suqishga to‘g‘ri keldi. Jo‘shqin ovozda laparlar kuylayotgan 82 yoshli onaxonning shashtiga havas qildik. «Qani edi mahallamizda folklor ansambllarni tuzishga bosh-qosh bo‘ladigan bir maskan bo‘lsaydi, axir oramizda laparalarni maromiga yetkazib aytadigan onaxonlar ko‘p-da», deydi kumushkentlik Saida ona Bozorova.

Ikki mahalla, ikki ko‘rsatkich

Buni qarangki, aynan ishlab chiqarish yaxshi bo‘lgan mahallalarda ro‘yxatdagi ayollar soni ham kam ekan. Misol uchun, «Yangiravot-2» mahallasidagi ikki mingdan ziyod xotin-qizlardan 60 nafari daftarga kiritilgan bo‘lsa, Pichoqchida 3600 nafar xotin-qizlar istiqomat qilsa-da, ularning 35 nafari ushbu ro‘yxatda. Ya’ni, birinchi mahallada har ming nafar xotin-qizlarga 30 nafar ehtiyojmand ayollar to‘g‘ri kelsa, Pichoqchida bu ko‘rsatkich 10 nafarni tashkil etmoqda. Shu raqamning o‘zi tadbirkorni qo‘llash, unga imkon berish va rivojlantirish, shu mahallaning, hatto tumanning nafaqat iqtisodi ko‘tarilishiga, balki aholi salomatligiyu yashash sharoitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, turli ijtimoiy muammolariga barham berishda muhim omil sanaladi. Shu jumladan, xotin-qizlar muammolariga ham. Har tumanda Pichoqchilar ko‘paysa qaniydi, buning uchun nima qilish kerak? Ehtimol, keyingi maqolalarimiz shu mavzuda bo‘lar.

Gulruh MO‘MINOVA.