Immunitetni oshiradigan mahsulotlar va COVID-19 pandemiyasi davrida ovqatlanish tartibi
Inson o‘z sog‘lig‘iga doim e’tiborli bo‘lishi zarur. Ayniqsa, hozir butun dunyoda koronavirus juda tez tarqalayotgan paytda. Asossiz xavotirga tushish o‘rniga har kim o‘z immunitetini mustahkamlash choralarini ko‘rishi kerak. Buni esa ovqatlanish ratsioniga foydali mahsulotlarni kiritgan holda amalga oshirish mumkin. Shu o‘rinda ovqatlanishda qaysi qoidalarga amal qilinganda immun tizimimizga foydali bo‘lishi haqida so‘z yuritamiz.
Oqsillar (proteinlar) — bular α–aminokislotalardan tarkib topgan azotli murakkab yuqori molekulyar birikmalardir. Inson organizmidagi oqsillar silliqlash, quvvat berish, kimyoviy jarayonlar tezligini oshirish yoki sekinlashtirish, boshqarish, himoya qilish, yetkazib berish kabi o‘ta muhim hayotiy funksiyalarni bajaradi.
Oqsillar antitanachalar ishlab chiqarilishida faol ishtirok etadi va immun tizimining mustahkamligini hamda faolligini ta’minlaydi va ko‘pgina birikmalarni a’zolarga yetkazib beradi. Antitanachalar immun tizimi ishlab chiqaradigan oqsillar bo‘lib, ular patogenlarni aniqlash va infeksiyalarga qarshi kurashishga yordam beradi.
Almashtirib bo‘lmas aminokislotalar o‘simlik oqsillari bilan taqqoslaganda, hayvon oqsillarida (tuxum oqi, sut, baliq va go‘sht) ko‘proq. Afsuski, ko‘pgina almashtirib bo‘lmas hayvon oqsillari manbalari yog‘ bilan to‘yingan. Soya, guruch, yong‘oq va kungaboqar pistasida foydali aminokislotali tarkib mavjud. Ayrim oqsillarda (masalan, donli o‘simliklar oqsilida) organizm uchun zarur bo‘lgan almashtirib bo‘lmas ba’zi aminokislotalar yetarli miqdorda bo‘lmaydi. Yetmagan aminokislotalar taqchilligini hayvon oqsillarini (masalan, manniy bo‘tqasini sutda pishirish, makaronga pishloq qo‘shish va hokazolar bilan) kam miqdorda iste’mol qilib to‘ldirish mumkin.
Oqsillar organizmda ko‘pgina vazifalarni bajaradi. Ular organizm hujayralarining o‘sishi va qurilishi uchun zarur, deyarli hamma enzimlar va gormonlar oqsilli tarkibga ega bo‘lib, antitanachalar ishlab chiqarilishida faol ishtirok etadi, immun tizimining mustahkam bo‘lishini hamda kasalliklarga qarshi kurashuvchanligini ta’minlaydi, ko‘pgina birikmalarni to‘qima, hujayralarga yetkazadi. Oqsilning 1 grammi 4 kkal ozuqaviy quvvat beradi.
Hayvon oqsillari manbasi tuxum, sut mahsulotlari (tvorog, pishloq, dona-dona tvorog), baliq, parranda, mol go‘shtida mavjud. O‘simlik oqsillarining eng yaxshi manbalari sifatida esa dukkaklilar (mosh, loviya, no‘xat), yong‘oq, mag‘izlar, soya va donli mahsulotlarni sanash mumkin. Oqsilning yetishmasligi shish paydo bo‘lishiga va mushaklar zaiflashishiga, soch va teri holatining o‘zgarishiga va kamqonlikka olib keladi. Oqsil tanqisligi ko‘pincha quvvat tanqisligi (oqsil va boshqa ozuqaviy moddalarning umumiy yetishmasligi oqibatida kelib chiqqan) bilan birga yuzaga keladi.
S vitaminini saqlaydigan mahsulotlar. Bu vitamin immunitetni mustahkamlaydi va uni virus hamda bakteriyalardan himoya qiladi. Kuniga bir bo‘lak limon yeyish bilan S vitaminiga bo‘lgan sutkalik ehtiyojni qondirish mumkin. Apelsin depressiyaga qarshi kurashishga yordam beradi, ovqat hazmini yaxshilaydi, yaralarning tez bitishiga samarali ta’sir etadi, yallig‘lanish va mikroblarga qarshi kurashishda organizmni faollashtiradi. S vitamini bulg‘or qalampiri, foydali modda meva va rezavorlarda ham mavjud.
A vitamini mikroblarga qarshi kurashuvchi hujayralar ishlab chiqarilishini barqarorlashtiradi. Rangli — qizil, sariq, qovoq rang, to‘q qizil sabzavotlar va ko‘katlarda beta-karotin — A vitaminining ajdodi mavjud. Rangli sabzavotlar tarkibida efir moylari mo‘l. Yorqin, to‘q rangli sabzavotlar ko‘pgina konsentrlangan efir moylariga boy bo‘lib, ular organizm immunitetini mustahkamlaydi, har bir hujayrani quvvatlantiradi va yashovchanligini ta’minlaydi.
Sarimsoq, piyoz, yerqalampir, lavlagi, selderey, ko‘katlar va sabzida bakteriyalarga qiron keltiruvchi yoki ularning ko‘payishiga to‘sqinlik qiluvchi faol moddalar — fitonsidlar va o‘simlik kletchatkasi miqdori juda ko‘p.
Rux immun tizimiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Bu mikroelement dengiz mahsulotlari va yong‘oqda mavjud. Bundan tashqari, donlarda boshqa foydali moddalar ham bor. Yong‘oqlarda Omega-3, 6, 9 yog‘ kislotalari borki, ularning qiymati bebahodir. Bu yog‘lar miyaning sog‘lom bo‘lishida muhim ahamiyatga ega: miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi, nerv tizimi va immunitetni mustahkamlaydi, hayotiy kuchga to‘ldiradi. To‘g‘ri, yong‘oqlar iste’moliga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak, bir kunda bir siqim (5 dona yong‘oq) iste’mol qilish yetarli. Chunki yong‘oq mag‘zi juda to‘yimli.
Ye vitamini darajasini ham kuzatib, organizmni bu vitaminga bo‘lgan ehtiyojini qondirish zarur. U kuchli antioksidant hisoblanadi. Ya’ni, inson uchun tabiiy qalqon vazifasini o‘taydi. Organizmda «saf tortgan» antioksidantlar bor. Biroq ular yetarli bo‘lmasligi mumkin, ayniqsa, sovuq kunlarda. Shuning uchun Ye vitamini kuz va qish mavsumida yaxshi yordamchi bo‘ladi. Uni yong‘oq, avokado, o‘simlik moylarida, tuxum sarig‘ida va yirik tortilgan undan tayyorlangan nonlardan topish mumkin.
Ta’kidlash kerakki, uch rezavor meva inson immunitetini mustahkamlaydi. Birinchi o‘rinda - chakanda mevasi turadi. Chakandani choyga qo‘shib, o‘zini shundayligicha iste’mol qilish mumkin.
Ikkinchi o‘rinda - brusnika bo‘lib, u avitaminozda, qon bosimi oshganda, shamollash va grippda umumiy ahvolni yaxshilash uchun yordam beradi.
Uchinchi o‘rinda - sevib iste’mol qiladiganimiz, malina turadi. U teri tonusining bir maromda bo‘lishini ta’minlaydi.
Oddiy piyoz — salomatlikni mustahkamlaydigan, immunitetni ko‘tarishga yordam beradigan bebaho mahsulot. Piyoz tarkiban efir moylari va fitonsidlarga boyligi bois qator kasalliklardan tuzalishga yordam beradi. Agar har kuni piyoz iste’mol qilinsa, tez orada immunitet ko‘tariladi. Organizm esa zamburug‘, bakteriya yoki virus bilan zararlanishdan himoyalanadi. Piyoz shamollashga qarshi samara ko‘rsatadi, organizmni toksin va shlaklardan tozalaydi. Piyoz ovqatlarga qo‘shib muntazam iste’mol qilinganda oshqozon-ichak trakti ishi faollashadi, ichak mikroflorasi yaxshilanadi, ortiqcha vazndan xalos qiladi. Mazkur mahsulot onkologik kasalliklar rivojlanishining oldini olishga yordam beradi, yurak-tomir tizimi faoliyatini normallashtiradi, tomirlarni xolesterinli cho‘kmalardan tozalaydi, yog‘larni parchalaydi. Shuningdek, a’zolar va to‘qimalarda qon aylanishini yaxshilaydi, teran fikrlashga va xotirani mustahkamlashga yordam beradi. Piyozni taomnomaga kiritganda va u doimiy ravishda iste’mol qilinganda stress asoratlarining oldini oladi, depressiya va nerv tizimi faoliyati buzilishidan himoya qiladi. Ovqatga piyoz qo‘shib yeyish organizmda gormon mutanosibligini me’yorga keltiradi. Piyoz homiladorlarga, emizikli ayollarga, shuningdek, og‘ir kasalliklardan so‘ng organizmi zaiflashgan kishilarga ham foydali. Ayniqsa, piyoz jinsiy a’zolar faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani uchun uning erkaklar ratsionidan o‘rin olishi juda muhim.
Piyoz iste’moliga qarshi ko‘rsatmalar. Bu mahsulot tarkibida oshqozon kasalliklari mavjud kishilarga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan efir moylari bor. Efir moylari ovqat hazm qilish a’zosining shilliq qavatini yallig‘lashi mumkin. Piyoz astmatik xurujni qo‘zg‘atadi, shuning uchun astmasi bor insonlarga uni xomligicha iste’mol qilish ta’qiqlanadi. Gipertoniklar, jigar, yurak bilan bog‘liq og‘ir kasalliklar bilan og‘rigan, modda almashinuvi buzilgan bemorlar faqat shifokor maslahatidan so‘ng ehtiyotkorlik bilan piyoz iste’mol qilganlari ma’qul.
Immunitetni yog‘li, o‘ta to‘yimli, qovurilgan ovqatlar zararlab qo‘yishi mumkin. Ya’ni, rafinirlangan, dudlangan, marinadlangan, tarkibida ko‘p miqdorda qand, tuz saqlaydigan mahsulotlar umumiy sog‘liq uchun zararlidir. To‘yib ovqatlanish ham immunitetni zaiflashtiradi. Chunki ovqatni hazm qilishga ko‘p quvvat sarflanadi. Biroq bu quvvat istalgan vaqtda organizmga viruslardan himoyalanish uchun zarur bo‘lib qolishi mumkin.
COVID-19 bilan zararlanganlar gastritda rioya qilinadigan ovqatlanish tartibiga amal qilishlari kerak. Koronavirus bilan kasallanganda oshqozon kasalliklari, xususan, gastrit va qulunj — yo‘g‘on ichak yallig‘lanishida buyuriladigan 2-diyeta tavsiya etiladi. 2-diyetaning profilaktik yo‘nalishi ovqatlarning oqsillar (go‘sht, baliq, sut), yarimto‘yingan yog‘ kislotalari (o‘simlik yog‘lari), kalsiy (sut, pishloq), organizmda turli tabiatli kimyoviy birikmalarning yig‘ilib qolishini to‘xtatadigan mahsulotlar bilan boyitishga qaratilgan.
Ovqat maydalangan ko‘rinishda taklif etiladi. Diyeta o‘z ichiga bo‘tqa, tvorog, kefir, sabzavotlar, yog‘siz parranda go‘shti, baliq, suvi qochgan non (kechagi), bug‘da pishirilgan olma kabilarni oladi. 2-diyetaga qo‘shimcha ravishda 2 mg. retinol, 150 mg. askorbin kislotasi kiritiladi.
Ovqatlanishning bu tartibida dag‘al kletchatka, sut, achchiq taom va ziravorlar cheklanadi. Shuningdek, shokolad, dudlangan mahsulotlar, konservalar, tuzlangan baliq, yog‘li go‘sht va xamirli ovqatlar 2-diyetaga kirtilmaydi. Ovqatlar maydalangan holda beriladi. Yangi pishirilgan pishiriq, non, bo‘lkalarni iste’mol qilish mumkin emas. Faqat qoqlangan, kechagi non, o‘ta shirin bo‘lmagan pechene yoki kekslar iste’mol qilish mumkin. Ovqatlarni yaxshilab chaynab, so‘lak bilan obdan aralashtirgandan so‘ng yutish tavsiya etiladi.
Sutni makaron yoki bo‘tqalarga yordamchi mahsulot sifatida qo‘shib iste’mol qilishga ruxsat beriladi. Yormalar manniy kabi maydalangan holatda bo‘lishi kerak. Ratsionga bug‘doy, arpa, jo‘xorili bo‘tqalar kiritilmaydi.
Sho‘rvalar lahmdan yoki baliqdan kam yog‘li qilib tayyorlanadi. Sho‘rvalarga mayda makaron (ugra) yoki maydalangan yorma qo‘shish mumkin. Ovqat uchun yog‘siz go‘sht (mol, buzoq, tovuq, kurka) tanlanadi. Ularning terisi shilinadi, tog‘ay va paylari olinadi. Baliqni esa oq eti tanlanadi, qizil baliq turini iste’mol qilish taqiqlanadi. Go‘sht, baliq, parrandani qovurish yoki ustini qizartirib pishirish mumkin emas.
Jo‘xori, loviya, dukkaklilar va no‘xat ratsiondan butunlay chiqariladi. Sut mahsulotlaridan faqat yog‘lilik darajasi kam bo‘lgan qatiq va sariyog‘ kabilarni iste’mol qilishga ruxsat beriladi. Pishloqlardan faqat tuzsizini qirg‘ichdan chiqargan holda iste’mol qilish mumkin.
O‘zida kletchatka tutadigan sabzavotlar xomligicha iste’mol qilinmaydi. Ularni olovda toblash, qaynatish, bug‘da pishirish yoki pyure tayyorlab, sharbatini chiqarib iste’mol qilish tavsiya etiladi. Faqat karam va pomidorni (terisini shilib) xomligicha yeyish mumkin.
Ko‘katlar sarxili tanlanib, mayda to‘g‘rab iste’mol qilinadi.
Quruq meva va mag‘izli mevalar (yong‘oq) vaqtincha ratsiondan chiqariladi. Rezavorlar va boshqa hosillar maydalanib, jele, kisel yoki kompot shaklida iste’mol qilinadi.
Gazli, alkogolli va qahva iste’moli butunlay cheklanadi.
Tuxum quymoq tayyorlangan yoki ilitib suyuq holda tanovul qilinadi. Ziravorlar va dorivorlar, ayniqsa, achchiq yeguliklar iste’moli to‘xtatiladi.
Uyda baliq yoki go‘shtga qo‘lbola sous tayyorlash mumkin.
Issiqlik sharoitida qayta ishlov berilgan turli sabzavotlar pyure, zapekanka, dimlama va boshqa ko‘rinishlarda iste’mol qilinadi.
Bijg‘ish jarayonlarini boshlaydigan yoki kislotalilikni oshiradigan karam, no‘xat, pomidor kabi mahsulotlar yaxshi hazm bo‘lgandagina tanovul qilinadi.
Rezavor va mevalar pyure ko‘rinishida oson hazm bo‘ladi.
Achchiq damlanmagan choyga limon, qahva, kakaoga sut qo‘shib ichish mumkin. Sabzavot va meva sharbatlariga qaynatilgan suv yoki kisel, shuningdek, na’matak qaynatmasi qo‘shib ichiladi. Shakar va asal kam miqdorda iste’mol qilinadi.
Shunday qilib, yog‘, oqsil va uglevodlarning bir kunlik miqdori umumiy ko‘rsatkichi 100 foizga teng deb olsak (bir kunda 100 foizdan ortiq emas), moddalar ulushi quyidagi tartibda bo‘ladi: uglevodlar — 50 %, yog‘lar — 25 %, oqsillar — 25 %.
2-diyeta stoli har kuni qabul qilinadigan quvvat ko‘rsatkichi 2800 kkalga teng bo‘lishi kerak. Orada ovqat qabul qilinmaydigan uzoq tanaffuslarga yo‘l qo‘yilmaydi. Oshqozon ochlikni his qilmasligi zarur. Bir kunda 5-6 mahal oz-ozdan ovqatlaniladi. Agar kishi tunda uyg‘onib, ochqaganini sezsa, bu holatiga bee’tibor bo‘lmay, bir bo‘lak qotgan non, tvorog yeyishi yoki ilitilgan tuxum yutishi mumkin. Bu ochlik hissini so‘ndiradi, oshqozon ham shira ajratishdan to‘xtaydi, demak, oshqozon devorlari yallig‘lanmaydi.
2-diyetaga rioya etilganda bir kunda 1,5-2 litr suyuqlik ichish zarur bo‘ladi. Stressli holatlarga tushishga yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki stressli vaziyatda oshqozon siqiladi yoki salbiy ta’sirga uchrab, davolanishga aks ta’sir qilishi mumkin.
Iste’mol qilish taqiqlanadi. Oshirma xamirli non va bulkalar; yog‘li va qovurilgan go‘sht; tuzlangan, dudlangan, marinadlangan va konservalangan mahsulotlar; margarinlar; muzdek ichimlik va muzqaymoq; achchiq ziravor va souslar; shokolad va kremli konditer mahsulotlari; kvas.
Rekonvalessensiya davrida 15-diyeta buyuriladi. Diyetaga qo‘shimcha tarzda vitaminlar kompleksi, askorbin kislotasi (150 mg.) va tomirlar devorini mustahkamlash uchun R vitamini (bir kunda 150-300 mg.gacha) tayinlanadi. 15-diyetada cheklovlar deyarli yo‘q va kundalik ovqatlanish ratsioni bilan bir xil.
Ko‘rsatma: maxsus davolash diyetasi talab qilinmaydigan va ovqat hazm tizimi buzilmagan holatlar; sog‘lomlashayotgan davrdan kundalik ovqatlanish tartibiga o‘tayotganda va davolovchi diyetalardan keyin.
Maqsad: fiziologik to‘la ovqatlanishni ta’minlash.
Kaloriyasi: 2800-2900 kkal.
Ovqatlanish tartibi: bir kunda 4 mahal.
Istisno qilinadigan mahsulot va taomlar:
- yog‘li go‘sht turlari, o‘rdak, g‘oz;
- qiyin eriydigan hayvon yog‘lari;
- qalampir, xantal.
Tavsiya etiladigan taomlar:
- bug‘doy va javdar non, unli mahsulotlar;
- karam sho‘rva, lavlagi sho‘rva, sutli, sabzavotli va yormali go‘sht, baliq, qo‘ziqorin va sabzavot bulonlari (sho‘rvalar); mevali sho‘rvalar;
- turli go‘sht va baliqli taomlar;
- sosiskalar, sardelka, qaynatilgan kolbasalar;
- tabiiy sut va sut mahsulotlari hamda sutli taomlar. Ratsionga, albatta, qatiq, sutli ichimliklar kiritiladi;
- qaynatilgan va ovqatlarga qo‘shilgan holatda tuxum;
- turli yormalardan, makaronlardan, dukkaklilardan tayyorlangan taomlar;
- qayta ishlov berilgan xom sabzavot va mevalar ko‘katlar;
- meva va sabzavot sharbatlari, na’matak qaynatmasi va bug‘doy kepagi;
- sariyog‘, mol yog‘i, o‘simlik yog‘i; margarin cheklanadi.
Guli ShAYXOVA,
Toshkent tibbiyot akademiyasi professori.