Indoneziya Islom universitetida amaliyot talabalar uchun yangi ufqlarni ochdi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti talabalari yozgi maktab dasturi doirasida Indoneziya Islom universitetida (UII) amaliyot o‘tab, o‘z bilim va ko‘nikmalarini boyitib bormoqda.

Bu amaliyot nafaqat o‘quv jarayonining bir qismi, balki xalqaro hamkorlik, ilmiy izlanish va madaniy tajriba almashinuvi uchun ham muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

UII kampusi Indoneziya arxitektura maktabining yorqin namunasi hisoblanadi. Universitet binolari tropik iqlim sharoitlariga moslashtirilgan bo‘lib, keng ayvonlar, ochiq galereyalar va tabiiy shamollatish tizimlari orqali qulaylik yaratilgan. Shu bilan birga, kampus hududida milliy indonez uslublarini eslatib turuvchi dekorativ elementlar, zamonaviy qurilish texnologiyalari bilan uyg‘unlashgan. Bu uyg‘unlik o‘zida milliy qadriyatlar va innovatsion yechimlarni jamlagan holda talabalar uchun boy o‘quv bazasini taqdim etadi.

Talabalar amaliyot jarayonida bu inshootlarning funksional yechimlarini o‘rganib, mahalliy me’moriy an’analar bilan yaqindan tanishmoqda. Ayniqsa, ular ekologik barqarorlik tamoyillariga asoslangan loyihalar, tabiiy yorug‘lik va havo oqimini hisobga olgan rejalashtirish uslublaridan katta taassurot olishdi. Bu tajriba o‘z navbatida talabalarning kelgusida yaratadigan loyihalarida ham ekologik yondashuv, ham milliy an’analarni hisobga olish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Indoneziyada arxitektura nafaqat bino qurilishi, balki tabiat va jamiyat bilan uyg‘unlikda rivojlanishi lozim bo‘lgan bir jarayon sifatida talqin etiladi. Talabalar amaliyot davomida shuni his qilib, o‘zlari uchun yangi dunyoqarashni shakllantirmoqda. Ularning ta’kidlashicha, bu jarayon nazariy bilimlarni boyitibgina qolmay, balki shaxsiy ijodiy qobiliyatlarni ham kengaytirmoqda.

Amaliyot davomida talabalar turli loyihalarda ishtirok etib, indoneziyalik hamkasblari bilan fikr almashmoqda. Bu esa ikki davlat talabalari o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlab, kelgusida qo‘shma loyihalar yaratish imkoniyatlarini ochib bermoqda.

Abror NIYaTOV,

Samarqand davlat arxitektura-qurilish

universiteti talabasi.