Innovatsion hududda urug‘ ekadigan kombinatsiyalashgan qurilma sinab ko‘riladi

Avval xabar qilganimizdek, davlatimiz rahbarining 2021 yil 1 apreldagi Farmoniga ko‘ra, Urgut tumani “Innovatsion hudud”ga aylantirilmoqda. Jumladan, bu yerda takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmaning sanoat namunasi yaratilyapti.

Tumanda 520 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu esa ekin yerlaridan samarali foydalanib, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish zaruratini taqozo etadi.
"Bu masalani hal qilishning samarali yo‘llaridan biri - maydonlarga takroriy ekinlarni ekishdir, - deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi viloyat innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi A.Norboyev, - Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali olimlari tomonidan yaratilgan, takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmani ishlab chiqarishga joriy etish ushbu masalani samarali yechishga xizmat qiladi.

Tumanda 28 ming gektar maydon ekin ekishga mo‘ljallangan bo‘lsa, shundan 8 ming gektariga takroriy ekinlar ekiladi. Filialda yaratilgan takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmaning sanoat namunasini yaratish bo‘yicha amaliy loyiha qishloq xo‘jaligida asosiy ekindan so‘ng, shu yilning o‘zida hosil beruvchi o‘simliklarni ekishning sifatini oshirishga qaratilgan. Mazkur qurilmaning qo‘llanilishi suvning 17,3 foiz tejalishiga va yonilg‘i sarfining 2,8 marta kamayishiga, mehnat unumdorligining esa 25 foiz oshishiga olib keladi.