Inson umrida 35 tonna suv ichadi(mi?)

Ha, olimlar odam umri davomida taxminan 35 tonna suv ichishini isbotlagan. Chunki inson ovqatsiz 30 kungacha yashay olsa, suvsiz 5 kunga chidolmaydi. Biroq biz hamon suv qadriga yetmayapmiz, tabiiy suv zaxiralarini ifloslantirishdan to‘xtamayapmiz.

Dunyoning ko‘plab shaharlarida maishiy ehtiyojlar uchun o‘rtacha kunlik suv sarfi aholi jon boshiga 300 litrdan to‘g‘ri kelsa, viloyatimizda bu miqdor 750-800 litrni tashkil etadi. Dunyoda suvning eng qimmat narxi AQShning Los-Anjeles shahrida belgilangan. U yerda suvning 1 litri uchun 90 dollar mablag‘ to‘lanadi va suv kristallar bilan bezatilgan maxsus idishlarda qadoqlanadi.

Mutaxassislarning kuzatishlaricha, yer osti va yer usti ochiq suvlarining ifloslanish darajasi ortmoqda. Tabiiy suvlarning ifloslanishining oldini olish hozirdan muhim muammoga aylanmoqda.

Afsuski, keyingi yillarda iste’mol uchun yaroqli yer osti va yer usti ochiq suvlarning ifloslanish darajasi keskin oshishi turli kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Demak, suv ifloslanishining oldini olish kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masala.

Obi hayot manbalarining ifloslanishida bosh omil albatta inson hisoblanadi. Bunga kimyoviy vositalardan noto‘g‘ri foydalanish, mineral o‘g‘itlarning me’yordan ortiq yerga solinishi hamda sanoat, qishloq xo‘jaligi, uy-ro‘zg‘or, kommunal chiqindilarining havzalarga tashlanishi, toza ichimlik suvining iste’moldan boshqa maqsadlarda ishlatilishi sabab bo‘lmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzida shaharlarda 25 foiz va qishloq aholisining 75 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan, xolos.

Respublikamizda ichimlik suvidan oqilona foydalanish bo‘yicha bir qator qonun va qonunosti hujjatlari ishlab chiqilgan. Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va uning hududiy inspeksiyalari tomonidan joylarda ichimlik suvidan oqilona foydalanish bo‘yicha muntazam ravishda tushuntirish, targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, viloyatimiz hududidan oqib o‘tuvchi uzunligi 531,7 kilometr bo‘lgan Zarafshon daryosi suvi musaffoligini ta’minlash hamda muhofaza zonasini saqlash choralari ko‘rilmoqda. Biroq, Zarafshon tabiiy florasiga bilib-bilmay ziyon yetkazish holatlari uchramoqda. Hozirgi vaqtda Zarafshon daryosi yuqori qismi tog‘ hududlarida o‘simlik qatlami mayda va yirik shoxli mollar boqilishi, daraxt va butalarning kesilishi natijasida siyraklashib qolgan. Bu o‘z navbatida sel oqovalarning kuchayishi va daryoning ifloslanishiga olib kelmoqda. To‘g‘ri, o‘z vaqtida qoidabuzarlar aniqlanib, jarimaga tortilyapti, lekin ekologiyaga yetkazilgan har qanday zararni moliyaviy jihatdan qoplab bo‘lmaydi.

Baxtiyor Muhammedov,

viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.