Internetdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqiqatda bormi?
Hozir internet orqali ish topish oson. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining milliy vakansiyalar bazasi ish.mehnat.uz sayti orqali jismoniy shaxslarga istalgan kasb turi bo‘yicha ish izlash imkoni yaratilgan. Balki, buni hamma ham bilmasligi mumkin.
Saytda hududlar kesimida qaysi kasb bo‘yicha ish kerak bo‘lsa, o‘sha hudud va kasbni tanlab, qidiruv tugmasini bosish lozim. O‘sha hudud kesimida qancha bo‘sh ish o‘rni bo‘lsa ko‘rsatiladi. Saytdan istalgancha bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olish mumkin. Biz kiritilgan bo‘sh ish o‘rinlari haqiqatda mavjudligini bilish maqsadida ayrim bo‘sh ish o‘rinlari uchun berilgan e’lonlar asosida telefonlarga qo‘ng‘iroq qildik.
Saytda Kattaqo‘rg‘on tumani 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi (har xil fanlar bo‘yicha) vazifasiga 3 ta ish o‘rni bo‘lib, oylik maoshi 1 350 600 so‘mdan belgilangan. Saytda berilgan telefon raqami mavjud emasligi bois, e’lon bergan kishi bilan bog‘lana olmadik. Hozircha 87 kishi tomonidan ko‘rilgan ushbu e’lon joriy yilning 5 noyabrida joylashtirilgan.
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Delfincha” 8-maktabgacha ta’lim tashkilotida 0,5 stavkali 4 ta ish o‘rni bo‘lib, unga o‘rta maxsus ma’lumotga ega xodimlar tarbiyachi yordamchisi vazifasiga ishga olinishi, ish haqi 516 376 so‘mligi ko‘rsatilgan. Saytda berilgan telefon raqamini hech kim ko‘tarmadi. 2020 yil 5 noyabrda joylashtirilgan ushbu e’lonni bizgacha atigi 1 kishi ko‘rgan ekan.
Saytda tarbiyachi yordamchisi vazifasiga Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘yicha 55 ta bo‘sh ish o‘rinlari joylashtirilgan.
Oqdaryo tumani 1-maktabgacha ta’lim tashkilotida 1 stavkali 6 ta ish o‘rni bo‘lib, unga oliy ma’lumotli xodimlar tarbiyachi vazifasiga ishga olinishi hamda 1 114 545 so‘m maosh to‘lanishi yozilgan. Saytda ko‘rsatilgan telefon raqamiga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilsak-da, tusha olmadik. Ushbu ish o‘rnini bizgacha 3 kishi ko‘rgan, bu e’lon ham joriy yilning 5 noyabrida joylashtirilgan. Agar haqiqatda ushbu ish o‘rinlari bo‘lsa, sayt 20 kundan buyon yangilanmagan yoki ushbu ish o‘rinlariga hali xodim olinmagan, degan xulosaga kelish mumkin.
Past Darg‘om tumanidagi 29-maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun ko‘rsatilgan 0,5 stavkali xoreograf vazifasiga 372 000 so‘m maosh berilishi ko‘rsatilgan. Qizig‘i, saytda berilgan telefon raqamini ko‘targan yigit hech qanday e’lon bermagani, o‘zi Toshkentda qorovul bo‘lib ishlashini aytdi.
Toyloq tumani Galabotir qishlog‘idagi 15-maktabgacha ta’lim tashkilotiga 0,25 stavkali hamshiralik vazifasiga e’lon berilgan, oylik maoshi 266 000 so‘m.
- Aslida bu maoshga hech kim ishga kelmaydi, - dedi bog‘cha mudirasi Xosiyat Yo‘ldosheva. – Shuning uchun men bu ishni bog‘chada 1 stavka ishlaydigan hamshiraga yuklagandim. Tuman bandlik bo‘limi bo‘sh ish o‘rnini yashirgansiz, deya jarimaga tortdi. Shundan keyin 0,25 stavkali ish o‘rni bo‘yicha e’lon berdim.
Oqdaryo politexnika kollejiga hamshiralik vazifasiga 1 stavka ish o‘rni bo‘lib, unga 1 140 595 so‘m maosh ko‘rsatilgan. Ajablanarlisi, e’londa berilgan telefonni ko‘targan yigit hech qanday e’lon bermagani va o‘zi Urgut tumanida yashashini aytdi.
Biz internet orqali ish topish oson, deb yanglishibmiz. Aslida hali ham yangicha dunyoqarash, yangicha fikrlashga tayyor emas ekanmiz. Avvallari bo‘sh ish o‘rinlari yolg‘ondakam qog‘ozda bo‘lsa, endi ushbu yolg‘on ma’lumotlar internetga joylanyapti.
Xo‘sh, bundan maqsad nima? Xalqni aldashmi, rejadagi ishni yolg‘ondan bo‘lsa ham bajarishmi?
Ish o‘rni bo‘lmasa yo‘q deylik. Qachongacha o‘zimizning oyog‘imizga o‘zimiz bolta uramiz?
Xurshida ERNAZAROVA.