Ish qog‘ozlari qachon davlat tilida va imloviy xatolarsiz yoziladi?

«Davlat tili haqida»gi qonunning amalga kiritilganiga 30 yil bo‘ldi. Ko‘cha-ko‘yda, korxona-tashkilotlarda, davlat idoralaridagi barcha yozuvlar o‘zbek tilida yozilayotganligi barchamizni quvontiradi. Ammo ayrim kommunal xo‘jalik tarmoqlariga qarashli korxona-tashkilotlarida mazkur qonunga amal qilinmayotgani ajablanarli.

Samarqand shahridagi korxona-tashkilotlarda hisob-kitob ishlari, statistika hujjatlarini yuritish davlat tilida bo‘lishi lozim bo‘lgani holda aholiga, shuningdek, idora va tashkilotlarga yuborilayotgan xat, xabarnoma, ish qog‘ozlari hamda ko‘rsatmalar hanuz rus tilida amalga oshirilmoqda.

Samarqand shahar elektr tarmoqlari idorasining kirish joyida katta qilib «Samarkand shaxar «energosotish», degan yozuvni ko‘rib hayron qoldik. Ichkarida devorga ilingan ko‘rgazmalardagi yozuvlar ham xato yozilgan. Kuniga yuzlab odamlar ishini bitirib ketayotgan ushbu idorada e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgani hech kimni bezovta qilmayapti. Devorlarga osilgan ko‘rsatmalardagi imloviy xatolardan tashqari, aholi bilan hisob-kitob ishlari qilinadigan ish qog‘ozlari rus tilida yozilgan. Kassa yonida ilingan ogohlantiruvchi xat va e’lonlarning ham aksariyati boshqa tilda.

Kassaga pul to‘lash uchun kelgan hamshaharlarimizning qo‘llaridagi xabarnomalar o‘zbek tilida yozilgan bo‘lishiga qaramay, rus tilida to‘ldirilgan.

- Elektr hisoblagichlarni nazorat qilgani borgan nazoratchilarning qo‘llaridagi ayrim xabarnomalar ilgaridan rus tilida tayyorlab qo‘yilgan bo‘lib, ular ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zbek tilida yozishadi, -deydi Samarqand shahrida yashovchi R.Xoliqova. – Hatto, nazoratchilar bo‘limidagilar ham tayyor matn bitilgan hisobvaraqalarini rus tilida chiqarib berishadi.

- Shu paytgacha «blanka»larimiz rus tilida yozib kelingan, shu sababli ham shu amaliyotni ba’zida qo‘llab kelamiz, - deydi mazkur idora xodimlaridan biri. – Lekin, o‘zbek tilida ham tayyor «shablon»larimiz bor. Kim qaysi tilda so‘rasa, o‘sha tilda yozib beramiz.

Hisobchilar bo‘limidagi “Ulgurji iste’molchilar hisobchisi Bog‘isamol hududi” degan yozuvni to‘g‘rilab yozish hech kimning xayoliga kelmaydi. Yoki idoraga kirishda «Samarqand shahar «energosotish» bo‘limi”, deb yozish shunchalik qiyin ishmi?    

   

Samarqand shahar gaz ta’minoti bo‘limida ham shunday kamchiliklar uchraydi. Tabiiy gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirgan fuqarolarga beriladigan pattalar davlat tilida yozilgan bo‘lsa-da, «h», «q», «g‘», «o‘» harflari o‘rniga «x», «k», «g», «u» harflari yozilgan. Shuningdek, e’lonlar taxtalaridagi sohaga oid ayrim rasmiy hujjatlar, qaror va farmonlar, shuningdek, tabiiy gazning narxi haqidagi ma’lumotlar rus tilida yozilgan.

- Shu paytgacha vazirligimiz tomonidan kelgan rasmiy hujjatlar faqat rus tilida bo‘lardi, - deydi viloyat bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali bo‘lim boshlig‘i Zarif Sanaqulov. – Endi asta-sekin hujjatlarni ham o‘zbek tilida yozyapmiz.

Idoraga kirar ekansiz nazoratchi-ustalar, hisobchilar, mijozlar va korxona-tashkilotlar bilan ishlaydigan bo‘limlarning eshiklaridagi yozuvlar imloviy xatolar bilan yozilganligini ko‘rasiz.

“Davlat tili haqida”gi qonunga binoan korxonalarda ish yuritish va boshqa hujjatlar, notarial harakatlar davlat tilida, ammo lozim bo‘lgan taqdirda boshqa tillarda amalga oshiriladi, deb qayd etilgan.

Dilmurod TO‘XTAYeV.