Ish vaqti soat 8:00 dan 20:00 gacha... Qonunchiligimiz bunga nima deydi?

Keyingi paytlarda dunyo bo‘ylab ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun to‘liqsiz ish kuni va moslashuvchan ish jadvalini joriy etish tobora ommalashmoqda. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda aytilishicha, Buyuk Britaniyada jahonda birinchi marta sinov tariqasida 4 kunlik ish haftasiga o‘tish boshlangan. Bu degani, haftada 5 yoki 6 kun emas, 4 kun ishlanadi.

Bu amaliyot sinov tariqasida 6 oy davom etadi va unda mamlakatdagi mahalliy va yirik moliyaviy 70 ta kompaniya xodimlari, 4 kunlik ish haftasida ish haqi kamaytirilmagan holda mehnat qiladi.

Shunday bir sharoitda, ya’ni rivojlangan davlatlarda ish haftasini qisqartirishni samarali yo‘llar bilan sinab ko‘rilayotgan bir paytda bizda ayrim korxonalar ish vaqtini oshirish haqida bosh qotirayotgandek nazarimizda. Misol uchun, yaqinda bir telegram kanalida berilgan e’lon e’tiborimni tortdi. Unda poytaxtdagi xususiy korxonalarning biri 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lganlarni ishga taklif qilyapti.

Bu yerda gap e’lon haqida emas, unda ish beruvchi tomonidan bir kunlik ish vaqtining 12 soat deb belgilaganida, ya’ni soat 8:00 dan 20:00 gacha. Xo‘sh, bu haqda qonunchiligimizda nima deyilgan?

Mehnat kodeksi 115-moddasiga ko‘ra xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. 6 kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, 5 kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim.

Ushbu e’londa korxonaning polietilen paket ishlab chiqarishga ixtisoslashgani aytilyapti. Demak, paket tayyorlash jarayonida kimyoviy mahsulotlar ishlatiladi. Bu holatda ish beruvchiga yana bir qator majburiyatlar yuklanadi. Masalan, zararli ish sharoiti bo‘lgan joylarda mehnat konunchiligiga asosan ustama haq to‘lanadi yoki ish soati qisqartiriladi va ishchi zararli muhitda kamroq bo‘ladi, kamroq zararlanadi. Shu sababli ko‘pgina kimyo sanoati korxonalarida ish soati kuniga 4 yoki 6 soat qilib belgilangan. Yuqorida e’lon berayotgan korxona esa ish soatlarini mehnat munosabatlariga oid hujjatlarda belgilab qo‘yilgan vaqtga bepisand qaramayaptimi?