Karantin paytida ish haqi to‘lanadimi?

Butun dunyo xalovatini o‘g‘irlagan COVID-19 koronavirusi afsuski, mamlakatimiz sarhadlariga ham kirib keldi. Bu o‘z navbatida, yurtdoshlarimizda turli savollarni paydo qilmoqda. “Koronavirus oyligimizga ta’sir qiladimi?”, “Ta’lim va tarbiya muassasalari yopilgan bo‘lsa, ishga boramizmi?”, “Maoshimiz qanday to‘lanadi?”, “O‘qishimiz yopildi, endi biz amaliyotga bormaymizmi?” kabi savollar tug‘ilyapti.

Bu vaziyatda avvalo, inson o‘z xotirjamligiga erishishi kerak. O‘z sog‘lig‘iga be’etibor bo‘lmasdan, tavsiya etilgan ko‘rsatmalarga amal qilgan holda sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilishlari maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, vahima bilan savdo do‘konlaridan kerak va nokerak mahsulotlarni olishga shoshilmaslik zarur. Bundan ayrim “uchar savdo xodimlari” o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolishlari mumkin. E’tiboringizni shaxsiy gigiyenaga qarating, sifatli ovqatlaning, vitaminlar qabul qilib, immunitetingizni ko‘taring va yaxshi hayot kechiring!

Endi yuqorida fuqarolarda paydo bo‘layotgan savollarga to‘xtalib o‘tsak. Mehnat kodeksining 219-moddasiga asosan xodim ish jarayonida o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelib qolganligi to‘g‘risida ish beruvchiga darhol xabar qiladi. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirib borish va nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi organlar ana shu holatlarni tasdiqlagan taqdirda ish beruvchi bu holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Agar zarur choralar ko‘rilmasa, xodim o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilgunga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqlidir. Ana shu davr mobaynida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

Mehnat kodeksining 285-moddasida esa vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi kasal bo‘lganda, mehnatda mayib bo‘lgan yoki boshqacha tarzda shikastlanganda, shu jumladan, turmushda jarohatlanganda, oilaning betob a’zosini parvarish qilganda, karantin e’lon qilinganda, sanatoriy-kurortda davolanganda va protez qilinganda to‘lanadi.

Bunday nafaqa mehnatda mayib bo‘lgan va kasb kasalligiga chalinganda ish haqining to‘liq miqdorida, boshqa hollarda esa xodimning davlat ijtimoiy sug‘urtasi badallarini to‘lagan muddatiga (umumiy ish stajiga), qaramog‘idagi voyaga yetmagan bolalarining soni va boshqa holatlarga qarab, ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda to‘lanadi.

Nafaqaning eng kam miqdori qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz bo‘lmasligi va nafaqa hisoblab chiqariladigan ish haqi miqdoridan ortib ketmasligi lozim.

Qonunchilikka asosan, karantin vaqtida maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanayotgan bolaga qarash uchun ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa a’zosiga sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan karantin belgilangan, lekin 14 kalendar kunidan oshmagan muddatga Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki uning joylardagi boshqarmalari ruxsati asosida epidemiolog yoki sanitar vrach tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Shu varaqaga ega bo‘lganlarning ishga bormagandagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlanishi kerak.

Yana bir muhim gap. Fuqarolar axborot olayotganda uning rasmiy manbasiga e’tibor qaratishlari zarur. Hozirgi axborot asrida turli manfaatli kishilar aholining vahimaga berilishidan foydalanib qolishi mumkin.

Tib qonunlari asoschisi, ulug‘ bobomiz Abu Ali ibn Sino aytadi: “Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir. Xotirjamlik yarim sog‘liqdir.”

Hukumatimiz tomonidan barcha hududlarda koronavirusni tekshirish uchun asbob-uskunalari, test vositalari hamda himoya vositalari bilan ta’minlandi. Bu esa aholi salomatligi doimiy e’tiborda ekanini yana bir karra tasdiqlaydi.

O‘zingizni va yaqinlaringizni asrang!

Nodir JUMAYeV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisod fanlari doktori, professor.