Qadimda ham ish vaqti bo‘lganmi?
Odamlar qadimgi davrda ish vaqtini qanday o‘tkazishgan ekan-a? Men ibtidoiy jamoada yashaganlarni nazarda tutayotganim yo‘q. Gazeta, radio yoki oynai jahon hali ixtiro qilinmagan zamonlarni aytyapman.
Bo‘limga ajratilgan xonada uch xodim ishlaymiz. Soat sakkiz bo‘lmay hamma o‘rnini egallaydi. Kechagi ishdan keyin to bugun ishga kelgunga qadar eshitgan-ko‘rgan voqealarimizni o‘rnimizga o‘tirishimiz bilan bir-birimizga aytib berishga odatlanganmiz. Lekin to‘g‘risini aytsam, bunga bir ish kunicha belgilangan vaqt kamlik qiladi.
- Kecha futbolni ko‘rdingizmi? – sportga o‘ta qiziqqani uchun “ashaddiy” laqabini olgan xonadoshimiz stol g‘aladonidan qog‘ozlarni chiqarayotgan “faylasuf” nomli hamkasbimizga hayajondan yongan nigohini tikadi. Keyin uning javob bermaganidan zarracha o‘kinmay, menga o‘giriladi. – Siz-chi, siz ko‘rdingizmi, "katta". "Real" baribir "Real"da.
Yoshimni chamalash shart emas, "katta" degani haqiqatan men. Albatta, yosh borasida ikki hamkasbimdan ham ancha kichikman. "Katta" – bu mening laqabim, “katalizator” atamasining qisqartirilib aytilishidan hosil bo‘lgan ibora, “kata” so‘zining buzib talaffuz qilinishi. Oldiniga menga katalizator deb murojaat qilishdi, keyin tilni qiynamaslik uchun “kata” atamasini qo‘llashdi. Vaqt o‘tib esa “kata” iborasi o‘z-o‘zidan “katta” so‘ziga almashgani avvaliga ko‘pchilikni ajablantirgan bo‘lsa, keyin bu gapda bir sir bordek, menga alohida e’tibor bilan muomala qiladigan bo‘lishdiki, sha’nimga talafot yetkazmagani, aksincha, hurmatimni oshirgani uchun bunday laqab orttirganimdan mamnun bo‘lgandim.
"Ashaddiy"ning sport haqidagi gaplarini ham, siyosatga oid fikrini har gapga qo‘shib, “faylasuf” degan nom olgan ikkinchi hamkasbimning o‘zidan boshqa hech kimni qiziqtirmaydigan mulohazasini ham berilib tinglayman. Ularga o‘xshab har gap ustida bahslashmaganim, aksincha, har ikkisi bilan chiqishganim uchun "katalizator", yo‘g‘-e, "katta" degan nom olganman.
"Ashaddiy"ning menga tikilib turgan ilhaq ko‘zlariga qarab unga rahmim keladi. "Faylasuf"ning futbolni ko‘rmagani aniq, lekin mening ham rad javobim unda bizga nisbatan achinish hissini uyg‘otmasin deb to‘g‘risini aytaman.
- Yo‘q, ko‘rmadim. "Aytishuv"ni tomosha qildim. Mumtoz qo‘shiqlarni zo‘r aytishdi-da.
- Qo‘shiqdan nima foyda? – "ashaddiy" hafsalasi pir bo‘lganini yashirmay, aftini burishtiradi. – Kechagi futbol tarixda bo‘lmagan.
- Men ham ko‘rdim "Aytishuv"ni, – "faylasuf" qog‘ozdan boshini ko‘tarib menga qaraydi. – Xorazmlik artist menga yoqdi.
- Samarqandlik u, - unga e’tiroz bildiraman, – bizga qo‘shni qishloqdan. Anchadan buyon Toshkentda yashaydi.
- Yo‘g‘-e, talaffuzi xorazmcha-ku. – "faylasuf" taajjublanadi. - Lekin qotirib qo‘yarkan qo‘shiqni.
- Xorazmning komandasi ham chempionatda yomon o‘ynamayapti, – "ashaddiy" gap mavzusi futboldan chetga chiqayotganidan bezovtalanadi. "Faylasuf" esa men bilan bo‘layotgan suhbati buzilganidan norozi bo‘lib, qog‘ozga tikiladi. Sport ishqibozi gapini davom ettirishga ilhaq bo‘lib turganini sezib unga qarayman.
- Lekin kechagi o‘yinga gap yo‘q, – u e’tibor qaratganimdan jonlanadi.
Eshik ochilib, bo‘lim boshlig‘i xonaga kirishi bilan hushyor tortamiz.
- Salom hammaga. Hisobotlar nima bo‘lyapti? – U "ashaddiy"ga yaqinlashib so‘z qotadi. – Kecha olib kiring, degandim. Ish tugamay ketib qolibsiz?
- Kechiring. Futbol soat 4 da boshlanadi. Stadionga borgan edim.
- Rasvo qildiku o‘yinni. O‘z uyida yutqazib qo‘ygan komandani qanday atash mumkin? Essiz, homiylik ulushimiz. Mayli, hisobot bugundan kechikmasin.
- Rahbarga gap yo‘q-da, – deydi "ashaddiy" bo‘lim boshlig‘i xonani tark etgach. – Stadionga tushmasa ham futbolga joni achiydi.
Maqtov boshliqqa qaratilgan bo‘lsa-da, gapning bosh chayqab aytilishi biz uchun dashnom ekanini sezamiz.
- Bugun ham hisobotni tugatolmaymiz. – Boshlanadigan bahsning oldini olmoqchi bo‘laman.
"Ashaddiy" va "faylasuf", birining javob qaytarishga tayyorligi, ikkinchisining hech qachon yengilmasligini namoyish qilgan vajohati bilinib tursa-da, gapim ta’sir etib, ular tin olishadi.
- Kecha gazetada Eron yadro bombasi haqida zo‘r maqola bosishibdi.
Ancha-munchaga hayratlanmaydigan "faylasuf"ni qiziqtirgan maqola e’tiborimizni tortadi. Shu bilan birga "ashaddiy"ning sergak tortgan nigohi va avzoyi o‘zgarganiga qarab, uning sport haqidagi o‘ylaridan chalg‘iganini ham sezaman. Gazetadagi xabarni eshitish uchun ruchkani stol ustiga qo‘yarkanman, bugun ham hisobot oxiriga yetmasligini o‘ylayman.
"Faylasuf"ning Eron yadrosi borasidagi qarashlari "ashaddiy"ning fors futbolchilari erishgan natija haqidagi fikrlari bilan bo‘linib turadi. Hisobot ishimizni ko‘rish uchun bir necha bor xonamizga bosh suqqan bo‘lim boshlig‘i ham hamkasblarim aytgan har ikki masalaga o‘z qarashlarini izhor etib, oxirida asosiy ishdan chalg‘imasligimizni tayinlab chiqib ketadi.
Men esa gap mavzusi o‘zgarib, oraga bir muddat sukunat cho‘kkan vaqtlar qadimda odamlar ish vaqtida nima haqida gapirishgan ekan, deb o‘ylab qolaman.
Xurshid Nurullayev.