Ishga qaytolmagan hamshira vazifasiga tiklandi
Jomboy tumani adliya bo‘limi tomonidan Jomboy tumani Toshkent mahallasi, Do‘stlik ko‘chasi, 3-uyda yashovchi fuqaro M.Ernazarovaning tuman tibbiyot birlashmasi ma’muriyati xodimlari xatti-harakatidan norozi bo‘lib qilgan shikoyati o‘rganib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, M.Ernazarova 2020 yil 5 mart kuni Jomboy tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘iga 2020 yil 28 fevraldan bola parvarishi ta’tili tugaganligi sababli ishga qaytishga ruxsat berishni so‘rab bildirishnoma orqali murojaat qilgan. Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i tomonidan ushbu bildirishnomaga asosan 2020 yil 5 martdan ishni boshlashga ruxsat berilgan.
Shunday bo‘lsa-da, birlashmaning kadrlar bo‘limi inspektori tomonidan Mehnat kodeksining 105-moddasi talablari qo‘pol ravishda buzilib, 2020 yil 30 aprelgacha M.Ernazarovaning ishga qaytganligi to‘g‘risida buyruq rasmiylashtirilmagan.
Jomboy tumani adliya bo‘limi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasiga taqdimnoma kiritilib, fuqaro M.Ernazarovaning tez yordam bo‘limi taqsimlovchisi vazifasida ishini davom ettirishiga ruxsat berildi va tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining buyrug‘i qabul qilindi.
Abdug‘ani ISRAILOV,
Jomboy tumani adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi.