Ishonish qiyin, lekin inson tanasida bu moddalar mavjud yoki biz radioaktiv moddalar tashuvchisimiz
Inson tanasi - qoyilmaqom mashina. Bizning anatomiyamiz minglab yillar davomida sayyoramizdagi o‘zgaruvchan muhitga moslashish natijasidir. O‘tgan asrlardagi tibbiyot yutuqlari bizga tanamizning tuzilishini batafsil o‘rganish imkonini bergan bo‘lsa-da, biz undagi yangidan-yangi jarayonlarni kashf qilishdan to‘xtamaymiz.
Portlovchi moddalardan tortib elektr tokigacha – bu ro‘yxatda inson tanasini tashkil etuvchi g‘alati va hayratlanarli moddalar bilan tanishtiramiz.
Alkogol
Ko‘pgina tadqiqotlar sog‘lom, hushyor odamning qonidagi etanol konsentratsiyasi bir litr qonga 0,8 millilitrni tashkil qilishini ko‘rsatdi. Shuningdek, inson qonida 0,6 millilitr alkogolning yana bir turi metanol topilgan. Yaxshiyamki, bu juda kam qiymatlar qonun bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarmaydi. Dunyoda ovqat hazm qilish tizimi fermentiv bakteriyalar va zamburug‘lar bilan to‘ldirilgan, shakarga boy oziq-ovqatlardan juda ko‘p miqdordagi spirt ishlab chiqarishi mumkin bo‘lgan “avtopivozavod sindromi” bilan aziyat chekadigan odamlar ham uchrab turadi. Ushbu sindromga ega odamlarning bir litr qonida to‘rt grammdan ortiq spirt bo‘lishi mumkin, ya’ni ular spirtli ichimlik ichmasdan turib ham har doim mast bo‘lishadi.
Ozon
Ozon 25 kilometr balandlikda gaz qatlamini hosil qilib, Yerdagi hayotni quyosh nurlaridan himoya qiladi.
Deyarli yigirma yil oldin olimlar inson tanasi immun tizimi ozon ishlab chiqarishini aniqladilar. Tanamizda kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar va zamburug‘larni yo‘q qilish uchun tana bo‘ylab yuradigan antitanachalar bilan qoplangan neytrofil hujayralari mavjud. Ular o‘z antitanachalarni yuqori energiyali kislorod molekulalari bilan oziqlantiradi. Shundan so‘ng antitana bu molekulalarni bakteriyalarni yo‘q qiladigan foydali azonga aylantiradi.
Sianid
Inson uchun juda zararli kimyoviy birikma har kuni tanaga turli konsentratsiyalarda kiradi, chunki u havoda, suvda va iste’mol qiladigan ovqatlarda mavjud. Shuningdek, inson tanasining o‘zi ham sianid ishlab chiqaradi. Misol uchun, so‘lakdagi kimyoviy jarayonlar tomoq ichida sianid gazining paydo bo‘lishiga olib keladi. Hisob-kitoblar sog‘lom odamning tanasidagi har 100 gramm to‘qimada 50 mikrogramgacha sianid borligini aniqladi. Biroq bu birikma tana ichida to‘planmaydi, uning katta qismi jigarda qayta ishlanadi va siydik orqali, boshqa qismi esa karbonad angridridga aylanib, nafas orqali chiqariladi.
Radioaktiv moddalar
Tanamizda elektron qurilmalarda ishlatiladigan toriy radioaktiv elementi borligini bilarmidingiz?
Biz har kuni oziq-ovqat va suv orqali oz miqdordagi toriyni olamiz, lekin odatda u bir necha kun ichida tanadan chiqariladi. Shuningdek, tadqiqotlar inson tanasida yadro reaktorlari va ommaviy qirg‘in qurollarida keng qo‘llaniladigan 22 mikrogramm uran borligini ko‘rsatdi. Oziq-ovqat, ayniqsa, yuvilmagan sabzavotlar uranning tanaga kiradigan manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Qimmatbaho metallar
Quvonarlisi, tanamizdagi hamma narsa xavfli yoki radioaktiv emas, biz o‘zimizni iqtisodiy jihatdan qimmatli qiladigan qimmatbaho elementlar egasimiz. Umuman olganda, tanamizda 0,2 miligramm oltin bor, bu sof oltindan 0,22 millimetrli kub yasash uchun yetarli. Shuningdek, tanamizda odam uchun toksikligi past hisoblanadigan kumush bor. Kumushning kunlik o‘rtacha iste’moli 88 mikrogramgacha yetadi. Bu bir necha qum donalari og‘irligiga teng.
Lekin qimmatli bo‘lish uchun bu juda oz, shunday emasmi?
Elektr toki
2009 yilda Toxoku texnologiya universiteti (Yaponiya) olimi Masaki Kobayashi inson yorug‘lik chiqarish qobiliyati - biolyuminesansligini tekshirishga qaror qildi. Buning uchun u besh kishini yolladi va uch kun davomida har uch soatda yorug‘likka o‘ta sezgir kameralar yordamida 20 daqiqa uzluksiz ularning tanasini suratga tushirdi. Natijalar bo‘yin va bosh kabi tananing ba’zi joylari doimiy, tushdan keyin soat to‘rtlarda esa boshqa paytdagiga qaraganda yanada ravshan yorug‘lik chiqarishini ko‘rsatdi.
Xo‘sh, agar biz yorug‘lik chiqaradigan bo‘lsak, nega fonar kabi porlamaymiz?
Javob juda istehzoli: biz chiqaradigan yorug‘lik juda zaif, bunday yorug‘lik ko‘zlarimiz idrok eta oladigan darajadan ming karra past. Lekin bu yorug‘lik bizdan har soniyada chiqadi.
Demak, siz nafaqat oltindan yaralgansiz, balki radioaktiv moddalar tashuvchisi bo‘lish bilan birga unchalik yorug‘ bo‘lmasa-da, yulduz kabi porlab turar ekansiz.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.