Ishonish qiyin: go‘dakligida bir-biridan ajratilgan egizaklar bir xil hayot kechirgan

Egizaklar bir-biriga nafaqat tashqi tomondan, balki salomatligi, taqdiri va boshqa jihatlari bilan ham o‘xshar ekan. Buni amerikalik aka-uka Jimlarning hayot yo‘li tasdiqlab berdi.

Ikki egizak aka-uka Jim Lyuis va Jim Springerning 1979 yilda uchrashganligi haqidagi hikoya Ogayo shtatining «Lima Nyus» nashri tomonidan chop etilgan. O‘sha paytda erkaklar 39 yoshda edi. Bir-biridan bexabar farzand asrab oluvchi ota-onalari ularga bergan bir xil ismdan tashqari, ularning hayotida tasodiflar shunchalik ko‘p bo‘lganki, keyinchalik ularni o‘rgangan olimlar “Agar hamma narsani o‘z ko‘zlarimiz bilan ko‘rmaganimizda, hech qachon ishonmagan bo‘lardik”, deb aytgan.

Amerikalik egizaklar Jim Lyuis va Jim Springer atigi uch haftalik bo‘lganida, 15 yoshli onasi rad javobini yozgan, bolalar ajratilib, ularni turli oilalar asrab olgan. Lyuisning onasi o‘g‘liga uning akasi borligi haqida gapirib bergan, Springerning onasi esa yo bundan bexabar bo‘lgan, yo u yolg‘on gapirib, ukasi vafot etganini aytgan.

Jim Lyuis akasini topishga jur’at etgunga qadar deyarli 40 yil o‘tdi. “Nima uchunligini bilmayman, vaqti kelgandek tuyuldi”,  tan oldi 39 yoshli erkak.

Egizaklar bu uchrashuvni hayotlaridagi eng muhim va hayajonli lahzalardan biri deb ta’rifladilar. Keyin esa mantiqan tushuntirib bo‘lmaydigan narsalar sodir bo‘la boshladi: bir-birlariga aytib bergan hikoyalarida egizaklar deyarli bir xil hayot kechirganliklarini tushunib olishdi. Ularning hayot yo‘lidagi faktlar shu qadar mos tushdiki, u ilmiy tadqiqot mavzusiga aylandi.

Ikkala Jim ham ikki marta uylangan. Birinchi marta ular hayotlarini Linda ismli qizlar bilan bog‘lashdi. Keyinchalik, ikkalasi ham ajrashgan va bu safar Betti ismli qizlarga uylanishgan. Ikkalasi ham deyarli bir xil (ismlarda faqat bir harf farq qilgan) Jeyms Alan va Jeyms Allan ismli o‘g‘illarining otasi bo‘lgan. Bolaligida ikkalasining ham Toy ismli iti bo‘lgan. Bu hammasi emas.

Birodarlar bir xil sigaretlarni afzal ko‘rib, juda ko‘p tamaki iste’mol qilgan. Ikkovi ham ko‘k Chevrolet avtomobil haydagan va bo‘sh vaqtlarini duradgorlikka bag‘ishlagan. Ular Floridadagi bir plyajda dam olgan, ikkalasi ham migren bosh og‘rig‘i kasalligidan aziyat chekkan va tirnoqlarini tishlash kabi yomon odati bo‘lgan. 39 yoshga to‘lgunga qadar Springer ikki marta yurak xurujini boshdan kechirgan, ukasi esa o‘sha paytda yurak xastaligi gumoni bilan kasalxonaga yotqizilgan.

 Albatta, bu voqea tezda butun Amerika bo‘ylab tarqaldi va olimlar unga qiziqish bildira boshladi. Aka-ukalar turli tajribalarni o‘tkazishga rozi bo‘lishdi, tajribalar egizaklar shaxsiyatini genetika kamida 50 foizga oldindan belgilab qo‘yganligini ko‘rsatdi. Juda ajoyib, shunday emasmi?

Hozirda ular 80 yoshda, bir-birlari bilan yaqin muloqot qilishadi va bir-birlarini topishga qaror qilishganidan juda mamnun.

Jim Lyuis va Jim Springer hodisasi 1979 yilda fan tarixida psixologiyani o‘zgartirgan qirqta tadqiqotdan biri  - MISTRA loyihasini boshlashga turtki bo‘ldi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.