Ishtixon tumanida talab darajasida transport xizmati ko‘rsatilayaptimi?

Hisobotlardan bu savolga «ha», degan javobni olish mumkin. Negaki, tumanda 5 ta korxona shu turdagi faoliyat bilan shug‘ullanadi. Jumladan, «Alishoh trans» mas’uliyati cheklangan jamiyatining 5 ta avtobusi Samarqand shahridan Ishtixon tumani markazigacha qatnaydi.

Samarqand shahriga kelib-ketadigan ishtixonliklar uchun “Sher effekt” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 3 ta «Lasetti», 5 ta «Neksiya» rusumli avtomashinalari ham xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, jamiyatning 10 ta «Damas» rusumli avtomobili Ishtixon – Xalqobod – Guzon yo‘nalishida, yana 8 ta shunday avtomobili esa Ishtixon - Krait yo‘nalishida qatnab turibdi.

- Hademay 553-yo‘nalishda, ya’ni Samarqanddan Ishtixonga qatnovchi 8 ta 14 o‘rinli mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, - deydi transport boshqarmasining shahar va tumanlardagi transport sektori bosh inspektori Feruz Qahhorov. - “Ishtixon elit trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan xarid qilinayotgan ushbu mikroavtobuslarning birinchi reysi ertalab soat 6:30 da Ishtixondan yo‘lga chiqadi. Navbatdagilar 20 minut oraliq vaqtda harakatni boshlab, oxirgi reys Samarqanddan soat 19:00 da yo‘lga tushadi.

Bu yangilik o‘z yo‘liga, ammo kishini boshqa masala o‘yga toldiradi. 200 mingdan ortiq ishtixonliklar Samarqandga bormoqchi bo‘lsa bor-yo‘g‘i 5 ta avtobus yoki 8 ta yengil mashinalar xizmatidan foydalanishadimi? Yo‘q, albatta. Ishtixondan Samarqandga kelish uchun yoki aksincha bo‘lganda o‘nlab avtomashina xizmatga shay turganiga guvoh bo‘lasiz (avtobusini ko‘rish qiyin).

Lekin nega ularni tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazib, qonuniy faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlash hech kimning xayoliga kelmaydi? Ushbu yo‘nalishni tenderda yutib olgan korxona (yoki korxonalar) Samarqand - Ishtixon yo‘nalishida noqonuniy qatnayotgan yengil avtomashinalarga litsenziya bergandan ko‘ra bermagani foydaliroqmi? Ularni nazorat qiluvchi transport boshqarmasi qaysi holatda ko‘proq manfaat ko‘radi? Eng muhimi, shu yo‘nalishda qatnaydiganlarga qonuniy kirakashlar ko‘paygani yaxshimi yoki noquniylarining xizmatidan foydalanish qulayroqmi?

Bu savollarga javob berish mutasaddilar va boshqa tegishli tashkilotlarning mas’uliyati hamda hafsalasiga havola.