Ishtixonda bir ayolga yetti “zo‘ravon” tazyiq o‘tkazmoqchi bo‘ldi
Ishtixon tumani Sohibkor mahallasida istiqomat qiluvchi J.M. 7 nafar hamqishloqlari xatti-harakatidan norozi bo‘lib, tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan.
Joriy yilning 27 may kuni kechasi soat 01:00, 02:00 lar atrofida jabrlanuvchi J.M. uyining derazasi ochiqligidan foydalangan yigitlar mast holatda ayolning shaxsiyatiga tegadigan so‘zlar orqali uni haqorat qilib, ruhiy tazyiq o‘tkazgan. Bundan tashqari, O‘.U. ma’muriy javobgarlikdan so‘ng ham ruhiy bosim o‘tkazishni davom ettirgan. Shundan so‘ng ayol qo‘rquv sababli bir-necha kungacha uyidan qochib, yashirinib yurgan.
Ariza yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilganda, yuqorida ko‘rsatilgan fuqarolarning xatti-harakatida O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bo‘lganligi sababli ushbu fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi asosida hujjatlar to‘plab, MIB Ishtixon tumani sudiga yuborildi. Sud tomonidan ushbu fuqarolarning xatti-harakatiga huquqiy baho berilib, ularning har biriga ma’muriy 10 (o‘n) sutka qamoq jazosi qo‘llanildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tuman IIB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori leytenant M.Primova va Sohibkor mahallasi profilaktika inspektori, leytenant R.Xudoyberdiyev fuqaro J.M.ga himoya orderini berishdi. Ya’ni, bunda bir oy mobaynida ayol IIB nazoratida bo‘ldi.
Tazyiq o‘tkazgan shaxslar O‘.U., I.E., A.U., S.B., Sh.S., Sh.E., Sh.B.larga nisbatan himoya orderi bo‘yicha bir qator cheklovlar tasdiqlandi. Tuman IIB profilaktika inspektori Sh.Narziyev, Sohibkor mahallasi raisi A.Boboyev, mutaxassis F.Sobirova bu oilaga murabbiy etib biriktirildi.
Ayni damda fuqaro J.M. o‘z yashash uyida onasi va akasi bilan yashamoqda.
Munira PRIMOVA,
tuman ichki ishlar bo‘limi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori.
Matluba RABBIMOVA,
«Ishtixon ovozi» gazetasi muxbiri.