Ishtixonda oilaviy tadbirkorlar, hunarli xotin-qizlar ko‘payishi uchun nima qilinyapti?
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Ishtixon tumanida sayyor qabul o‘tkazdi. Unda tumanda yashovchi xotin-qizlarning murojaatlari o‘rganildi.
Shundan so‘ng Z.Mahkamova tuman hokimi F.Ro‘ziyev hamrohligida bir necha xonadonlarda bo‘lib, oilalar, xususan, xotin-qizlarning turmush tarzi, faoliyati bilan qiziqdi.
Abdulla Turopov oilasi Xalqobod mahallasi Boday qishlog‘idagi oddiy oilalardan biri. Abdulla aka ancha yildan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanib keladi. O‘g‘li, nevarasini ham yoniga olib, ularga bu faoliyat sirlarini o‘rgatgan. Oilaga qo‘shimcha daromad kelayotgani tufayli xonadon obod.
Navbatdagi manzil Sheyxlar mahallasidagi 4-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Bu yerda xotin-qizlarga bichish-tikish mahoratini o‘rgatish maqsadida tikuv sexi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda 30 nafar xotin-qiz tikuv sexida hunar o‘rganib, sertifikat olgan. Muhimi, ularning barchasi ish bilan ta’minlangan. Qo‘mita raisi tikuvchi xotin-qizlar bilan yaqindan suhbatlashib, ularning muammolarini tingladi, takliflariga ko‘ra ko‘mak berishini aytdi.
Z.Mahkamova tumanda “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalar taqdiri, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan ham qiziqdi. “Daftar”dan chiqarish uchun tumandagi mas’ul idoralar amalga oshirayotgan loyihalar, amaliy ishlar bilan yaqinlan tanishdi va bu borada zarur tavsiyalar berdi.
Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati.