Ishtixonda o‘quvchi kaltaklangani holati viloyat prokuraturasi nazoratiga olindi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Ishtixon tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Suxrob Q.ni maktab direktori o‘rinbosari kaltaklagani va ikkinchi qavatdan otib yuborgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu holat bo‘yicha ayni paytda tekshirish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 2019 yil 28 dekabr kuni soat 13:00 larda voyaga yetmagan Suxrob Q. tuman tibbiyot birlashmasining qabul bo‘limiga yopiq KST, bosh miya chayqalishi, o‘ng bilak suyaklarining distal oxiridan yopiq sinib siljishi, chap chakka, chap yonoq va chap ko‘z atrofi yumshoq to‘qimasining lati kabi tan jarohatlari bilan kelgan.

Shifokorlar tomonidan bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, kasallik tarixi yuritilib, shifoxonaga yotqizilgan.

2020 yil 3 yanvar kuni voyaga yetmagan Suxrob Q.ning otasi Ishtixon tumani IIB boshlig‘i nomiga farzandining tan jarohati olganligi xolati yuzasidan ariza bilan murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Ishtixon tumani IIB tomonidan tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tekshirish harakatlari olib borilishi Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.