Ishtixonda “Pensiyaga chiqaruvchi, pensiya pulini oshirib beruvchi” firibgar qo‘lga tushdi

Ishtixon tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi katta tergovchisi G‘ulom Dostonovning “Ishtixon ovozi” gazetasi tahririyatiga xabar berishicha, mo‘may pul evaziga “pensiyani oshirib” hamda “pensiyaga chiqarib” berishni va’da berib, firibgarlik qilgan fuqaroga nisbatan tergov harkatlari olib borilgan va tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan.

Ma’lum qilinishicha, Payariq tumani Sanoat mahallasi, Qiyra qishlog‘ida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan J.A. o‘zini Ishtixon tumani moliya bo‘limi xodimi, deb tanishtirib, odamlarni chuv tushirishni maqsad qilgan.

Ayblanuvchi J.A. dastlab Ishtixon tumani Gulobod mahallasi, Shonazar qishlog‘ida yashovchi X.E.dan pensiyasini oshirib berish evaziga jami 2 500 000 so‘m olishga muvaffaq bo‘ladi. Shundan so‘ng o‘zining jinoiy harakatini davom ettirgan shavvoz “pensiyani ko‘tarib berish” va’dasi bilan ushbu mahallada yashovchilar -  X.E.dan 350 000 so‘m va 200  AQSh dollari, N.N.dan 400 000 so‘m va 200 AQSh dollari, R.Q.dan 3 000 000 so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan olib, o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.

J.A. avval ham shunga o‘xshash jinoyat sodir etib, unga sud hukmi bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi ta’yinlangan va muddatidan oldin shartli ravishda jazodan ozod etilgan.