Ishtixonda xitoyliklar marmardan hayvonlar haykalini yasayapti

Ishtixon tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Samarkand Stone Trade Corporation” qo‘shma korxonasi marmar qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Investitsiya dasturi asosida 2020 yilda faoliyatini boshlagan bu yirik korxona “Zarband marmar koni”dan tosh qazib oladi va tuman markazidagi qayta ishlash sexida 10 turdan ziyod mahsulotlar tayyorlaydi.
Korxona yiliga 50 ming tonna marmar qayta ishlash quvvatiga ega.
– Loyihamiz qiymati 8 million dollarni tashkil etadi, – deydi korxona rahbari Xe Ming. – Bugungi kungacha 4 million dollarlik ishlar bajarildi. Birinchi bosqichda marmar koni ochilib, u yerdan sifatli tosh qazish ishlari amalga oshirildi. Ikkinchi bosqisda esa marmarni qayta ishlaydigan zavod qurildi va Xitoydan zamonaviy dastgohlar keltirib o‘rnatildi. Qayta ishlash jarayonini joriy yilning mart oyidan boshladik. Uchinchi bosqichda marmar qoldiqlaridan turli xil qurilish materiallari tayyorlashni maqsad qilganmiz.
Ayni paytda bu yerda xorijlik mutaxassislar bilan birga 25 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Xitoylik 4 nafar sangtarosh tosh kesish va unga ishlov berish bo‘yicha mahalliy ishchilarga ustozlik qilyapti. Shuningdek, marmar konida ham 25 nafar kishi ish bilan band.
Korxonada katta-kichik favvoralar, turli hayvonlarning haykallari, zinalar va ular uchun maxsus to‘siqlar, ustunlar, oshxona stol-stullari, yo‘laklar uchun plitalar va boshqa mahsulotlar tayorlanmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ichki bozorga sotish, Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Xitoy va Koreyaga eksport qilish maqsad qilingan.
O‘zbekiston tabiiy resurslarga boy davlat, - deydi Xe Ming. - Biz qazib olingan va qayta ishlangan marmar tosh qoldiqlaridan ham samarali foydalanamiz. Shuningdek, kon atrofida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekib, bog‘ yaratyapmiz. Yerdan olingan toshlar o‘rniga nimadir qoldirish kerak-ku axir!
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.