Ishtixondagi daraxtlar kesilishi: viloyat hokimligi holatni fosh etgan saytga minnatdorlik bildirdi
Kecha – 7 iyul kuni kun.uz sayti muxbirlari tomonidan “Daraxtlar «qirg‘in»i davom etmoqda, bayroq bu gal Ishtixonda" sarlavhasi ostida Ishtixon tumani markazida yarim asrlik daraxtlar kesib tashlanganligi holati bayon etilgandi.
Hokimlik saytida yozishilishicha, “Viloyat hokimligi tomonidan mazkur maqola yuzasidan darhol axborot taqdim etish va o‘rganish o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasiga ko‘rsatma berildi.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra, albatta holatga va aybdorlarga nisbatan huquqiy baho beriladi.
Shu o‘rinda viloyat hokimligi “kun.uz” saytining fidoyi jurnalistlariga yuqorida qayd etilgan hodisa va shunga o‘xshash boshqa holatlarni fosh etishda qo‘shayotgan munosib hissasi uchun minnatdorchilik bildiradi».