Ishtixondagi korxonada olti turdagi meva qadoqlanib, 5 ta davlatga eksport qilinyapti

Tumanning Bahrin mahallasida joylashgan “HABIBULLOH MAHSULOTI” mas’uliyati cheklangan jamiyati qadoqlangan mevalarni quritib, Turkmaniston, Xitoy, Qirg‘iziston, Eron hamda Rossiya davlatlariga eksport qilib kelmoqda. Bugungi kunda korxonada 20 nafar doimiy, 500 nafargacha mavsumiy ishchi ishlayapti.

- 2018 yilda faoliyat boshlaganmiz, - deydi “HABIBULLOH MAHSULOTI” MChJ rahbari Shuhrat Rahimov. – Korxonamiz yiliga 1 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. O‘tgan yili Turkmaniston, Xitoy, Qirg‘iziston, Eron hamda Rossiya davlatlariga qariyb 1,5 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qildik. Joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 2 million dollarga yetdi. Yil yakunigacha yana 500 ming dollarlik mahsulot sotishni rejalashtiryapmiz.
Bugungi kunda korxonada aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan 6 turdagi ho‘l mevalar zamonaviy uskunalarda quritilib, qadoqlab, eksportga chiqarilmoqda. Xususan, MChJ birgina Turkmanistondagi 5 ta korxonaga besh yildan buyon mahsulot sotadi.

- Keyingi paytda korxona tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlarga talab oshmoqda, - deydi ashxobodlik tadbirkor Jenpar Begiyev. - Jumladan, bundan besh yil oldin yiliga 60-70 ming dollarlik mahsulot sotib olardik. Hozirga kelib, bu ko‘rsatkich 600-700 ming dollarga yetdi. Kelgusida hamkorlarimiz bilan kelishib, Turkmanistonda eksportyor qo‘shma korxona tashkil qilmoqchimiz.

Fazliddin Ro‘ziboyev.