Hisobda boru, ammo o‘zi yo‘q tarbiyachilarning oyligini olib yurgan mudiraning jinoyati fosh bo‘ldi

Bog‘chani mehr maskani deymiz. Chunki mehr bo‘lmasa bu yerda bolalarni kun bo‘yi olib o‘tirishning iloji yo‘q. Ammo ushbu mehrli maskanning «katta»si ishlamagan tarbiyachini ishladi, deb unga oylik-maosh yozsa, uning  uchun soxta imzo chekib, o‘zgani ham, davlatni ham aldab, qalloblik qilsa…

Ushbu ko‘zbo‘yamachilik Samarqand tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida sodir bo‘lgan. Bog‘cha mudirasi 15 yil (!) davomida o‘zining olti nafar qarindoshiga oylik ish haqi yozib, shu yillar mobaynida ularning o‘rnga o‘zi imzo chekib, pulini olib yurgan. Nahotki mudiraning bu ishidan shu paytgacha hech kim xabardor bo‘lmagan bo‘lsa, bog‘cha hisobchisi, xazinabonchi?

«Birovning haqi – baloning o‘qi» degan naql bor xalqimizda. Afsuski, bu maqolni e’tiborga olmaganlarning ahvoli bir kunmas bir kun voy bo‘lishini bilmaydiganlar o‘z qing‘ir ishida davom etaveradi. Muhabbat Oripova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham mansab mavqeini suiiste’mol qilib, ko‘p miqdorda byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilib, qonunga xilof ish ko‘rgan.

O‘tgan yili mazkur muassasadagi tekshiruvlar bu yerda qo‘shib yozish, davlat mulkini talon-taroj qilish kabi jinoyatlar fosh etildi. Masalan, Xolida Rasulova 2005 yil fevral oyida ushbu muassasaga tarbiyachi bo‘lib ishga kirgani, 2012 yilga qadar ishlagani, shu yil shtat qisqarganligi  uchun ishdan ketgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, 2014 yil may oyidan 2018 yil fevral oyigacha 20 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ni mudira soxta imzo chekib, o‘zi olgan. Tekishirish jarayonida X.Rasulova imzo uniki emasligini, shuncha miqdordagi pulni olmaganligini to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

Xullas, mudira o‘z qilmishlariga yarasha qonuniy jazo oldi. Ammo masalaning boshqa tomoni kishini o‘ylantiradi. Farzandlarimiz ta’lim-tarbiya oladigan  maskan rahbari, tarbiyachilarning tarbiyachisi  shunday qalloblik qilib tursa… U qishloqdoshlari, farzandlari ko‘ziga qanday qaraydi?

Azim QODIROV.