@zarafshonbot’ga murojaat: Oqdaryo tumani bog‘cha mudirasi xodimlarining plastigini nega egasiga bermaydi?

Oqdaryo tumani So‘g‘onchi qishlog‘idagi 14-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Xurshida U. bog‘cha xodimlari - Lola H., Nargiza N., Nigora B., Sevara D.larning plastik kartalarini qo‘liga bermasdan kelyapti.

Ular oyiga qancha maosh olishini bilmaydi, mudira bog‘cha xodimlariga har oyda 400-450 ming so‘m atrofida naqd pul beradi. Holbuki, bir stavkada ishlaydigan xodimlar eng kam oylik ish haqini ham olmasdan kelmoqda.

Qolaversa, mudira bog‘chadagi qorovul, kir yuvuvchi, sanitarka va musiqachi kabi bo‘sh ish o‘rinlarini sun’iy ravishda yo‘qqa chiqargan.

Shuningdek, u hamshiraga ovqat miqdori (ratsioni)ni tekshirish uchun oshxonaga kirishga qat’iy taqiq qo‘ygan, ya’ni “Sen faqat yozuvlarni qilsang bas, ovqatni tekshirishing shart emas”, demoqda. Modomiki, bog‘cha bolalaridan 1 nafari zaharlansa, hamshira javobgar bo‘lishi tayin.

Bundan tashqari, bog‘cha mudirasi yoz davomida kartoshka archishdan tortib, supur-sidirgacha hamshira va boshqa lavozim egalarini majburlab ishlatadi. Endi “Bog‘chaga bola topib kelmasang, oylikni kesaman”, deb duq qilmoqda.

Bizga yordam bering, bog‘cha mudirasi Xurshida U.ning noqonuniy xatti-harakatlarini o‘rganadigan mas’ul tashkilot bormi?