Oqdaryoda bolaga e’tiborsizligi uchun tarbiyachi hamda enaga ishdan bo‘shatildi
Ijtimoiy tarmoq va jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo‘layotgan Oqdaryo tumanidagi 63-maxsus maktab-internatidagi holat yuzasidan Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati bayonot berdi.
Oqdaryo tumanidagi 63-maxsus maktab-internatidagi holat viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, tuman hokimligi va jurnalistlar tomonidan o‘rganildi.
Aniqlanishicha, muassasaning 5 “A”-sinf o‘quvchisi S.I. Samarqand viloyati Narpay tumani Oqtosh shahri A.Ravshanov ko‘chasi, 32-uyda ota-onasi bilan birga yashaydi.
Tarbiyalanuvchi ushbu muassasaga 2015 yilda “Oligofreniya debillik darajasi nutq nuqsoni” tashxisi bilan qabul qilingan.
2020 yil 23 yanvar kuni tarbiyachi Sh.T. navbatchiligi vaqtida, ertalab soat 6:00 larda tashqariga chiqqan. Shu vaqtda tarbiyalanuvchi S.I. ham uning orqasidan tashqariga yo‘l olgan. Bundan xabardor bo‘lmagan holda tarbiyachi Sh.T. o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Shundan so‘ng tarbiyalanuvchi S.I. 30-40 daqiqa oralig‘ida tashqarida qolib ketgan. Shu vaqt mobaynida tarbiyalanuvchida “talvasa sindromi” kuzatilgan. Tarbiyalanuvchini yotoqxona binosiga olib kirishgan. Muassasa direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Z.Fozilova tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgunga qadar tarbiyalanuvchi S.I.ga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida oyog‘ining tag qismiga issiq suv solingan yelim idish (baklashka) qo‘yib, issiq mato bilan o‘ragan.
Ehtiyotsizlik oqibatida bolaning oyog‘ining tag qismi kuyib, pufakcha hosil bo‘lgan. Shu sababli hozircha oyoqqa turgani yo‘q. Tuman tibbiyot xodimlari bolaning umumiy ahvoli yaxshi ekanligi, 1 hafta-10 kunda tuzalib, maktabga qaytishi mumkinligini bildirishgan.
Ushbu holat bo‘yicha o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun muassasa tarbiyachisi Sh.T. va tungi enaga O.T.lar maktab direktorining 2020 yil 25 yanvardagi №-9, №10-sonli buyruqlari asosida vazifasidan ozod etilgan.
Xodimlarga nisbatan yetarlicha e’tiborda bo‘lmaganligi sababli muassasaning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Z.F., bosh tarbiyachi H.A. va tungi enaga G.T.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Bolaning onasi bilan o‘tkazilgan suhbatda S.I. 5 yildan buyon ushbu maktabda o‘qiyotganligini, ushbu holat tasodifan bo‘lganligini, maktab rahbariyati va o‘qituvchilariga hech qanday e’tirozi yo‘qligini aytgan.