Maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi firibgarlikka qo‘l urdi
Shovot tumanida yashovchi 33 yoshli N.J. 2018 yil 15 maydan Shovot tumani maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi lavozimida ishlab kelib, qonunda o‘rnatilgan talablarga zid ravishda o‘zi bilan moddiy javobgarlik shartnomasi tuzilmagan bo‘lsa-da, o‘z xizmat vakolatlari doirasiga kirmaydigan harakatlarni amalga oshirib, xodimlarga naqd pulda ish haqlarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
2019 yilning oktyabr oyida xizmat xonasida xodimlarning sentyabr oyi ish haqini tarqatayotganda ularga Shovot tumani maktabgacha ta’lim bo‘limida hisobchi, 53 yoshli G.Y.ning o‘g‘li sog‘lig‘i yomonlashib, jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun pul yig‘ib berish kerakligini aytib, xodimlardan jami 915.000 so‘m pullarini olib qolib, ushbu pul mablag‘larini go‘yoki G.Y.ga berganligini yolg‘ondan aytib, ularni aldab, pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Shovot tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida N.J.ning yuqorida ko‘rsatilgan xatti-harakatlaridan tashqari xodimlardan yana boshqa pul mablag‘larini olganlik holatlari aniqlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.